Смотреть в Telegram
HAMNAFAS SHE’RIYAT Adabiyotda ijodkor juftliklar ko‘p bo‘lmasa-da, uchrab turadi. Hamid Olimjon va Zulfiya, Said Ahmad va Saida Zunnunova, Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova... Bugungi zamonimizning ham ana shunday baxtli juftliklari qatorida Shahriyor Shavkat va Nozima Habibullayevalar ijodi alohida ajralib turadi. “Izlam”da ikkala ijodkorning kitobi go‘yo bir butun holda nomi ham, shakli ham monand chop etilgan. Chunki ikki ijodkor hayotda ham ijodda ham “Ham” “Nafas”. Bir-birin to‘ldiradi, boyitadi. Ajabmaski, o‘zbek adabiyotini ham birgalikda abadiy to‘ldirsa... Ularning she’rlarini navbat bilan o‘qisangiz, xuddi lapar aytishayotgandek bo‘ladi. Bir-birlariga aytgan izhorlarini, aytimlarini kitobga jam aylagandek... Shahriyor: Siz yomg‘irni yaxshi ko‘rasiz, Men Betxoven emasman, afsus, Ko‘zingizda notalar suzar, So‘z oqadi, tomirimda So‘z! (“Siz yomg‘irni yaxshi ko‘rasiz...” she’ridan) Nozima: Sukunatga tortilgan taroq, Tun yoyilar sochlarimdek tim. Derazamning ostida nogoh Sirenada kuylayotgan kim? (“Sukunatga tortilgan taroq...” she’ridan) Shahriyor: Ismingni ismimning yoniga yozdim, Yuzlarin berkitib kuldi tanosib. Oqligi yanayam oshdi qog‘ozning, Tunga oy, Suvga soy, Kim-kimga munosib (“ShahriNoz” she’ridan) Nozima: Qo‘llarimga qizil olov tutqazdi u, Million yillar sovqotmasam kerak endi. Ishonchimni yutib, dilin yutqazdi u, Ko‘ksimdagi ko‘ksidagi yurak endi. (“Qo‘llarimga qizil olov tutqazdi u...” she’ridan) Ammo kitoblar to‘la izhorlardan iborat deb o‘ylaganlar ham adashadi. Ularda Shahriyorning og‘riqli savollari, zamonu jamiyat bilan murosasiz misralari, yuragingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib boradigan yalang‘och satrlari, Nozimaning bugunning ayoli o‘laroq inja tuyg‘ulari, sakkizliklarga yashiringan falsafiy kechinmalari, goh isyonkor, goh muztar holatdagi sirli sezimlari mujassam. Shahriyorning mumtoz adabiyotdan sug‘orilgan, xalq og‘zaki ijodidan ta’sirlangan go‘zal lirikasi bilan birga, ijtimoiy mavzudagi she’rlari ham ko‘p. Ularda bugungi davr muammolaridan tortib, zamonamiz qahramonlarigacha aks etadi. Shoir jamiyatimizni tafakkur sintezidan o‘tkazar ekan, o‘ziga dadil savollar bera oladi? Qo‘rqoqlar ko‘paygan zamonda, Olchoqlar ko‘paygan zamonda, Ahmoqlar ko‘paygan zamonda, Maddohlar ko‘paygan zamonda, Nega sen shoirsan? Shahriyor – yovqur shoir. Bu uning xarakteridan ijodiga ham shundoqqina ko‘chib o‘tgan. Qog‘ozga o‘rab-chirmab o‘tirmay, gapning dangalini aytib qo‘ya qoladi. Ammo bu badiiylikka biroz putur yetkazadi, o‘quvchiga dag‘aldek tuyuladi. “Qarimsiq vafo”, “Yo‘qsillar ustiga choptirar nuqul”, “Inqillab kavshanar inqilob”, “Qarg‘ishdek qurigan dushman qoni” kabi o‘xshatishlar ham she’r yozish jarayonida tug‘ilgan shiddat va nihoyatda yuqori hayajon hosilasi. Ularni biroz tahrir qilish foydadan xoli bo‘lmaydi, nazarimizda. Nozima Habibullayeva o‘zbek ayoli o‘laroq bugungi xotin-qizlarimizning ruhan erkin, ilmu ziyoli va ajdodlarga munosib bo‘lishini istaydi. Har bir she’riga ana shunday ayol nazokatini, sadoqat va muhabbatini, o‘tli yurak kechinmalarini joylashga harakat qiladi. Ayniqsa, “Nurxon monologi” she’rida bu tuyg‘ular bo‘rtib ko‘rinadi. 16 yoshida san’atni tanlagani uchun o‘z akasi tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgan ilk o‘zbek raqqosasi tilidan aytilgan bu she’r bugungi kun uchun ham dolzarb. Ayollar erkini cheklashga urinadigan, ularning ta’lim olishi, kiyinishi, yurish-turishiga turli taqiqlar qo‘yishga harakat qiladiganlarga qaratilgan isyondir bu. Menmi? Istaganim ozodlik, ilm, Munojotim raqsdir, mukofotim – raqs. Sizdami tarozi? Ne gunoh qildim? “O‘zingizdan Xudo yasamangiz, bas! Bu ikki hamnafas ijodkordan hali juda ko‘plab asarlar kutib qolamiz. Zero, adabiyot mana shunday qo‘shqanot iste’dodlar bilan yanada sermazmun, fayzli bo‘ladi. Bekzod Ibrohim
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Бот для знакомств