Qoʻllanadimi, qoʻllaniladimi?
Hatto ziyolilar ham yozishda tez-tez xatoga yoʻl qoʻyadigan soʻz bu.
Qoʻllanmoq majhul nisbatda, uning aniq nisbatdagi shakli –
qoʻllamoq. Qoʻllamoq oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi:
1️⃣ Yoqlamoq, quvvatlamoq, yordam, koʻmak, madad bermoq.
Haq ishni xalq qoʻllar.
Maqol.
Ayollar oʻtmishdan hammadan koʻp zulm koʻrgan, hammadan koʻp jaholatda qolgan. Ularni hurmat qilishimiz, qoʻllashimiz, suyashimiz kerak.
P. Tursun, Oʻqituvchi.
2️⃣ Tatbiq etmoq, ishlatmoq.
Ishda yangi metodlarni qoʻllamoq.
Sugʻorishning yangi sistemasini qoʻllamoq.
[Salimboyvachcha] Attorlik rastasida... zahar sotib olarkan, buni qachon va qanday qoʻllashni aslo oʻylagani yoʻq edi.
Oybek, Tanlangan asarlar.
Javod Koʻchiyev unumsiz yerlarda “Malik”dagi tajribalarini qoʻlladi.
“Oʻzbekiston qoʻriqlari”.
▶️ Majhul nisbatda asosan ikkinchi maʼnosi ishlatiladi. Qoʻllanmoq –
ishlatilmoq, foydalanilmoq, tatbiq etilmoq degani.
Qoʻllamoq soʻziga -
n majhul nisbat qoʻshimchasi qoʻshilib,
qoʻllanmoq shakli hosil qilinadi:
Qoʻllanmoq, qoʻllangan, qoʻllandi, qoʻllanyapti, qoʻllanmoqda, qoʻllanadi...
❗️ Bu soʻzni
qoʻllanilmoq shaklida ishlatish
xato. Chunki bir soʻzga ikki marta majhul nisbat qoʻshimchasi qoʻshilmaydi. -
il ham majhul nisbat yasovchi qoʻshimcha. Masalan,
aytildi soʻzida ayt feʼliga ana shu -
il qoʻshimchasi qoʻshilgan. Aytildi soʻzini
aytilindi deb yozish va aytish
kulgili xato. Xoʻsh, aytilindi soʻzining xatoligi aniq sezilyapti. Lekin
qoʻllanildi, qoʻllanilgan va
qoʻllaniladi kabi soʻzlarning yanglishligini
nega oson farqlamaymiz?
Menimcha, bu qoʻllanmoq soʻzini unga maʼno jihatidan ancha yaqin boʻlgan
foydalanilmoq soʻziga
chogʻishtirish, oʻxshatish sababli yuzaga keladi.
Ushbu janrdan adabiyotda koʻp
foydalaniladi.
Ushbu janr adabiyotda koʻp
qoʻllanadi.
Foydalan va
qoʻllandagi
-lan umuman
boshqa-boshqa qoʻshimchalardir.
Foydalandagi
-lan foyda soʻziga qoʻshilib, feʼl yasayapti. Bu feʼlga bemalol majhul nisbat qoʻshimchasi
-il ni qoʻshish mumkin. Qoʻllandagi
-lan esa yaxlit qoʻshimcha emas, u feʼl yasovchi
-la va majhul nisbat yasovchi
-n qoʻshimchasidan iborat. Soʻzda majhul nisbat qoʻshimchasi borligi uchun unga yana majhul nisbat qoʻshimchasi tirkab boʻlmaydi.
📌 Demak,
Qoʻllangan, qoʻllandi, qoʻllanyapti, qoʻllanadi
✅
Qoʻllanilgan, qoʻllanildi, qoʻllanilyapti, qoʻllaniladi
❌
@oriftolib