MFY va QFYlar nomi qanday yozilishi kerak?
“Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari”ga
koʻra, joy, korxona, tashkilot nomlari bosh harf bilan yoziladi. Qoidalarda mahalla, qishloq yoki ovul fuqarolar yigʻini nomi qanday yozilishi haqida aniq koʻrsatma yoʻq. Ammo mavjud koʻrsatma va qoidalarga tayangan holda bu masalani hal etish mumkin.
Joy nomlari, jumladan,
qishloq va mahallalar nomi bosh harf bilan,
qoʻshtirnoqsiz yoziladi: Qumbosti qishlogʻi, Katta Qashqar qishlogʻi, Yangihayot qishlogʻi, Yoyilma mahallasi, Quruvchilar mahallasi, Alixontoʻra Sogʻuniy mahallasi.
Ammo mahalla fuqarolar yigʻini mahalla emas, u –
tashkilot, oʻzini oʻzi boshqarish organi. Qishloq yoki ovul fuqarolar yigʻini ham qishloq yoki ovul emas, tashkilot. Shu sababli ularni yozishda boshqa qoidaga tayanamiz.
Imlo qoidalariga koʻra, madaniy-maishiy va savdo korxonalariga, adabiyot va sanʼat asarlariga, sanoat va oziq-ovqat mahsulotlariga, shuningdek, transport vositalari, sport inshootlariga qoʻyilgan nomlar bosh harf bilan boshlanadi va
qoʻshtirnoq bilan yoziladi.
Qoidalarda jamoat birlashmalari nomi alohida
koʻrsatilmagan, korxonalar qayd etilgan, xolos. Lekin misollarda xayriya jamgʻarmasi (“Navroʻz”) nomi ham keltirilgan. Demak, alohida nomga ega boʻlsa, tashkilot va birlashmalar nomi ham
qoʻshtirnoqda yoziladi.
Tashkilotga qoʻshimcha nom berilmagan holatlarda esa
qoʻshtirnoq ishlatilmaydi.
Yuqoridagilardan
xulosa: MFY va QFYlar tashkilot boʻlgani va ularga alohida nom berilgani sababli ularning nomi bosh harfda va qoʻshtirnoq ichida yoziladi:
“Iqbol” mahalla fuqarolar yigʻini, “Oltin vodiy” qishloq fuqarolar yigʻini.
📌 Demak:
“Mirishkor” MFY, “Kenagas” QFY, Mirishkor mahallasi, Kenagas qishlogʻi
✅
Mirishkor MFY, Kenagas QFY, “Mirishkor” mahallasi, “Kenagas” qishlogʻi
❌
👉 Toʻliq oʻqish
@oriftolib