Qilma judo
Ruxsori gul, sochi sumbul,
gulyuzginam, qilma ado,
Shamshod qomating haqqiga
bor jonimni etay fido.
Lutf aylagin, mohitobon,
tinglab qalbimdagi sado,
Jamilamsan, meni aslo
jamolingdan qilma judo.
Oy ham xijolat sendagi tengsiz
husn, gulchiroydan,
Gunohim ne, javob bergin,
panoh izlay qaysi joydan?
Ko'nglimda muhabbat toshar,
olisdagi tosh va soydan,
Komilamsan, meni aslo
jamolingdan qilma judo.
Jannatdagi hurmikansan, pari,
malak yo farishta,
Jism - u jonim kul bo'lajak
rahm etmasang bu yonishda.
Yopiray, yurak ne uchun jo'r
bo'lding shu mushkul ishga?
Asilamsan, meni aslo
jamolingdan qilma judo.
Gulchehra Jo'rayeva
✏️ISHQ YO‘LIDA🕊