Faxr
Ota-ona uchun eng katta baxt va faxr bu farzandi erishgan yutuqlar bo'lsa kerak.
Maktab paytlarimda televizorda biror katta yutuqqa erishgan bolalarni ko'rsatgan paytda Onamning "Shularning ota-onalari qanday baxtli odamlara" deb havas qilib tomosha qilganlarini, qarindoshlar farzandlari yaxshi o'qishga kirganda yoki "katta" joylarga ishga joylashganini o'zgacha zavq bilan aytib berganlarini eslayman.
Bu narsadan hech qachon "Onam bizni boshqalar bilan solishtiryapti" deb o'ylab xafa bo'lmaganman. Aksincha "Onam ham bizni shunday yutuqlarga erishishimizni xohlaydi. Ular ham o'z farzandlari yutuqlaridan faxrlanishni xohlaydi degan narsa menga kuchli motivatsiya bo'lgan. Onamni shu kabi farzand Onasi bo'lish baxtiga muyassar qilish uchun harakat qilganman.
Toshkentga o'qishga kirgan paytimda o'qishga kirganimdan emas ko'proq Onamning quvonch ko'z yoshlarini ko'rib, ishxonasidagilar, qarindoshlar va tanishlar bu narsadan xabar topib ularni havas bilan tabriklaganliklaridan xursand bo'lganman.
Undan keyingi barcha yutuqlarimda, grantlarda ham, 2 yil qattiq harakatdan so'ng chet elga o'qishga kirgan paytimda ham men uchun eng quvonchli narsa Onamning bulardan faxrlanishini o'ylash menga eng katta zavq bergan.
Ish borasida esa vaziyat biroz qiziq edi. Ilk ishim xususiy korxonada, masofadan bo'lgani uchun uydagilar ancha vaqtgacha uni jiddiy qabul qilishlari biroz qiyin bo'lgan (hattoki o'zimda ham). Onamning bir necha marta "Qachon endi bir yaxshi ishga o'tib ishlaysan" deganlari esimda. Ishim bankka ko'chganidan keyin vaziyat biroz yaxshilandi. Lekin hali ham o'zimda ham ish borasida ko'nglim unchalik to'q emasdi. Chunki ishim doim shartnoma asosida bo'lgan, doimiy shtatda emas.
Onam o'sha paytlarda falonchining o'g'li "katta" joyga (vazirlik, chet el firmasi, milliy xavfsizlik...) ishga kirganini aytganda "Ozgina kutib turing, Onajonim. Xudo xohlasa, hali siz ham o'g'lingiz ishi bilan faxrlanib gapiradigan" payt keladi deb javob berardim.
Bugun va nihoyat o'sha kun keldi!
Bugun birinchi marta chinakamiga katta joydan ish taklifini oldim. Va eng qizig'i bu kun aynan Onajonim tug'ilgan kuniga to'g'ri kelmoqda. Irlandiyada turib, Onamga bera oladigan sovg'am hozircha shu )
Tug'ilgan kuningiz bilan, Onajonim! Hammasi uchun katta rahmat. Barcha erishgan yutuqlarimiz bosh sababchisi sizsiz. Buyog'iga farzandlaringiz bilan qancha faxrlansangiz ham kam. Siz bunga to'liq munosibsiz.
#justthoughts
P.S: Bu xabarni, qayerga topshirganimni uydagilarim ham hali bilishmaydi. Chunki Onam o'zi "Rejalaring haqida hech kimga aytma. Natijaga erishgan paytda syurpriz qil va hamma hayron qolsin" deb o'rgatgan )
@musayev_blogi