Vaqtni boshqarish
1-qism
So'nggi kunlarda asta-sekinlik bilan kundalik Time Managementni (vaqtni to'g'ri taqsimlash va ko'p narsaga ulgurish) yo'lga qo'ya boshladim. Hali ham o'zim o'ylagan narsaga to'liq amal qilyapman deb ayta olmayman-ku, lekin kichik bo'lsa ham natija bor. Shu sababli endi ora-sirada Time management haqidagi o'z xulosalarim bilan o'rtoqlashib tursam ham bo'ladi deb o'yladim.
Time managementning eng asosiy qoidasi:
"Yozilmagan reja, istakdan boshqa narsa emas".
Ya'ni nimadir qilishni maqsad qildingizmi uni rejaga aylanishi uchun uni qayergadir (daftar, telefon, ...) yozib qo'yishingiz kerak. Maqsadingiz kattami, kichikmi farqi yo'q. Baribir yozilishi kerak.
Shu haqida qiziq narsa o'qigandim. Lekin faktmi yoki yo'q - aniq bilmayman. Oliygohni tamomlaganlaridan keyingi rejalarini bilish maqsadida Garvard talabalari o'rtasida tadqiqot o'tkazilgan. Ma'lum bo'lishicha 80% talabalar bitirgandan keyin nima qilmoqchiliklari haqida aniq tasavvurga ega bo'lmagan. 15% talaba nima qilishi haqida rejalari bor, lekin uni yozib yurmaydi. Faqatgina 5% talaba oldiga aniq maqsadlar qo'yib, uni yozib, ularga amal qilishga harakat qilishar ekan.
Oradan 10 yil o'tganda shu talabalar qayta tekshirib ko'rilgan. Aniqlanishicha, rejalari aniq bo'lgan 15% talabalar, 80% talabalardan ko'ra ikki barobar ko'proq daromad topishar ekan. 5% talabaning daromadi esa qolgan hamma talabalar daromadidan 10 barobarga ortiqroq ekan.
Aytganimdek, buning asl manbasini topolmadim. Aniq bunday tadqiqot o'tkazilganmi bilmayman, lekin mantiqan olib qaraganda ham bu narsa haqiqatga juda yaqin.
Maqsadlaringizni yozish orqali ularni rejaga aylantirish asta-sekinlik bilan hayotingizni tubdan o'zgartirib yuboradi.
#musayev_blogi #timemanagement #interesting
Musayev blogi