View in Telegram
Kecha ijtimoiy tarmoqlarda o‘qigan, ko‘rgan narsalarim orasida eng qizig‘i, shubhasiz, kanadalik Farhod akamning kanadalik viloyatdoshi (ya’ni, Kanadaning Alberta provinsiyasida yashovchi) Obidxon Mamadaliyevga qilgan ochiq murojaati bo‘ldi. Farhod aka “Lolazor” podkastida y Kanada Konservativ partiyasiga “konservalar” deb laqab qo‘ygandi (umuman, podkastda ko‘p kulgandik – Farhod aka ham bizga o‘xshab kulishni yaxshi ko‘radigan inson). Obidxon Mamadaliyev esa aynan shu Konservativ partiya a’zosi ekan. U kishi “Kun.uz”ning bir dasturida chiqish qilib, Farhod akaning shu “konservalar” deganiga ham javob beribdi (“meni so‘ksang so‘k, lekin qadimiy partiyamni so‘kma, siyosiy madaniyatsiz!”, degandek, “Kun”ning jurnalisti ham shu fikrga qo‘shilibdi), umuman, Kanadaning hozirgi ahvoli, bosh vazir Tryudo davrida Kanada qanchalik qiynalgani va ortga ketgani haqida ko‘p gapiribdi. Farhod akaning aytishicha, Obidxon Mamadaliyev o‘z chiqishida ko‘p faktlarni sal noaniq aytibdi, ba’zi joylarida sal bo‘rttiribdi, “vaholanki, bo‘rttirishga hojat yo‘q – liberallar ko‘p xato qilganini fakt bilan aytsa ham bo‘ladi”, debdi Farhod aka. Farhod aka Kanadadagi liberallarga aloqasi yo‘qligini, liberallar bilan leyboristlar boshqa-boshqa narsa ekanligini, o‘zi Yangi demokratik partiyaga xayrixohligini qo‘shimcha qilibdi. Imkon bo‘lsa, Obidxon Mamadaliyev bilan ochiq fikr almashishga (debat qilishga, deb o‘qilsin!) tayyorligini ham aytibdi. Ishqilib, Farhod akaning videomurojaatini ko‘ringlar – Kanadaning yaqin o‘tmishi va buguni, siyosiy tuzilishi, umummilliy partiya viloyat partiyasining ishiga aralashmasligi haqida ko‘p ma’lumot olasiz, qiziq hikoya qilingan va tushuntirilgan (“neft narxi pandemiya vaqti tushib ketdi, u vaqtda Tryudo tugul Maykl Jekson ham yordam berolmasdi”, deganida rosa xoxoladim). Eng qizig‘i, bilasizmi, nima – hozir Kanadada siyosiy faollik ko‘rsatayotgan Farhod aka ham, Obidxon aka ham juda yaqin o‘tmishda O‘zbekistonda yashagan. Ular Kanadaga borib, AQSh Davlat departamenti yo MRB ta’sirida birdan siyosiy faolga aylanib qolgani yo‘q - ularning bori, bo‘lgani shu aslida. Ya’ni, oddiy bir o‘zbekistonlik ham siyosiy debat olib bora oladigan faol bo‘lishi mumkin. Ammo O‘zbekistonda ularga o‘z siyosiy faolliklarini ko‘rsatish imkonini beradigan maydonchalar, ularning qadriyatlari, manfaatlarini ifoda etadigan partiyalar bo‘lmagan (hozir ham bizda o‘zbekistonliklarning qadriyatlari va manfaatlarini ifoda etadigan haqiqiy partiyalar yo‘q, deb hisoblayman - cho‘ntak partiyalar esa hisobga o‘tmaydi). O‘zbekistonda ham siyosiy erkinliklar to‘la ta’minlansa, xususan, nodavlat tashkilotlar, harakatlar va partiyalar ochish erkin qo‘yilsa, bizda ham o‘zbekistonliklarni o‘z atrofida birlashtira oladigan xilma-xil jamoat tashkilotlari paydo bo‘lardi. Shunda biz hozir faqat Kanada yashayotgan o‘zbekistonliklarning debatlarini emas, balki O‘zbekistonning o‘zidagi o‘zbekistonliklarning ham haqiqiy siyosiy munozaralarini ko‘rardik. Ya’ni, o‘zbekistonliklar Yer yuzining istalgan nuqtasidagi istalgan odam kabi demokratiyaga, uning qadriyatlariga, urf-odatlari, samara-yu oqibatlariga tayyor. Faqat buni ko‘rsatish uchun beto‘xtov imkon berilishi kerak. Shunda, oxir-oqibat, sifatli ta’lim, sifatli tibbiyot, xavfsiz makon izlab, masalan, Kanadaga ketishga ham hojat qolmas.
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily