49-mavzu
ULUG‘ XALQNING MANGU QO‘SHIG‘I
(O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi)
Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon.
Yashnagay toabad ilm-u fan, ijod,
Shuhrating porlasin, toki bor jahon...
Mazkur satrlar bilan jarang sochuvchi yurtimiz madhiyasi yangraganida, butun vujudimizni ana shu zaminga bo‘lgan g‘urur va iftixor tuyg‘usi qamrab oladi. Barchaga birdek yoqimli bu tarona xalqimiz shijoatiga shijoat, g‘ayratiga g‘ayrat baxsh etib, ularni yangidan-yangi marralar sari chorlaydi.
Bastakor Mutal Burxonov va Abdulla Oripovning ulkan ijodiy salohiyati aks etgan tantanavor qo‘shig‘imiz boshlanishidan to oxirigacha qalbimizni hayajonga soladigan sehrga ega. Zero, ona Vatanimizga xos bo‘lgan barcha ulug‘vorlik va buyuklik unda mujassam.
Davlatimiz ramzi bo‘lgan madhiyamizning huquqiy maqomi maxsus qonun bilan mustahkamlangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi ham mamlakatimiz suverenitetiga bo‘lgan e’tiqodning rasmiyligini ta’minlashdan iboratdir. Shu bilan birga, mazkur qonunda barcha unga chuqur ehtirom bilan qarashi har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchi ekanligi tasdiqlangan. Mamlakatimiz fuqarolari hamda yurtimizda istiqomat qilayotgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov hamda O‘zbekiston xalq artisti, taniqli bastakor Mutal Burxonovning ijod mahsuli bo‘lgan boqiy qo‘shig‘imizda boy tariximiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik-osoyishtaligimiz, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.
Davlatimiz madhiyasi kelajagimiz egalarida ona Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama yetuk va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilayotir. Shu boisdan ham milliy timsolimiz mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimiz ozodligi, davlatimizning buyuk kelajagi haqida kuylaydigan, farovon jamiyat qurilishi yo‘lida fidokorona mehnat qilishga undaydigan umrboqiy qo‘shiqdir.
Mamlakatimiz madhiyasi istiqlolga bo‘lgan e’tiqodni targ‘ib qilib, fuqarolarimizni mustaqil davlat barpo etish yo‘lida matonat va dovyuraklikka, sabr-toqat va fidoyilikka, tashabbuskorlik va uddaburonlikka chorlaydi, milliy g‘urur va iftixorni uyg‘otadi. Jonajon yurtimiz timsoli bayram va tantanalar, sport musobaqalari, rasmiy davlat qabullari hamda turli mamlakat rahbarlarini kutib olish va kuzatish tadbirlari hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda ijro etilib, davlatimiz suverenitetiga bo‘lgan hurmat va e’tiqodni rasmiy musiqa va matn hamohangligida ifoda etadi.
Buyuk vatanparvarlik tuyg‘usini o‘zida mujassam etgan davlatimiz ramzi ayni paytda ta’lim muassasalarida ertangi kunimiz egalarining ona Vatanga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida ulg‘ayishida munosib xizmat qilmoqda. Eng asosiysi, yurtimizning kuch-qudrati va salohiyati tobora yuksalib, ozod va obod vatanimizning kelajagi bo‘lgan sodiq farzandlari ertangi kunga qat’iy ishonch bilan yuksak marralar sari dadil odimlayotir.
Davlatimiz madhiyasiga hurmatsizlik qilish milliy qonunchiligimizga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lib, tegishli tartibda jazolanadi. Shuning uchun ham mamlakatimiz ta’lim muassasalarida o‘qituvchi va murabbiylar, idora va tashkilotlarda esa, uning rahbarlari tomonidan davlat ramzlariga fidoyilik ko‘rsatishda yosh avlodga o‘rnak bo‘lish talab etiladi. Chunki madhiyamizning mangu yashashi, jonajon qo‘shig‘imizni qanchalik asrab-avaylashimizga bog‘liqdir.