47-mavzu
CHO‘LPON – OZODLIK VA ADOLAT KUYCHISI
Ma’rifatparvar, o‘zbek jadid adabiyotining yorqin vakili Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon 1898-yilda Andijonning Qatorterak mahallasida savdogar oilasida dunyoga keldi. Cho‘lponning otasi Sulaymonqul Mulla Muhammad Yunus o‘g‘li o‘z davrining yetuk ziyolisi, ma’rifatparvar kishisi bo‘lgan.
Cho‘lpon avval eski maktabda, so‘ngra madrasalar va rus-tuzem maktabida tahsil oladi. Arab, fors va rus tillarini mukammal o‘zlashtiradi. Mutolaa yo‘li bilan turk, nemis va ingliz tillarini o‘rganadi. Sharq va G‘arb ijtimoiy-siyosiy qarashlaridan oziqlanadi. Firdavsiy, Sa’diy, Hofiz, Umar Xayyom, Alisher Navoiy ijodini mehr bilan o‘rganadi. Cho‘lpon dunyoqarashi va ijodining shakllanishiga XX asr boshlaridagi jadidchilik harakati katta ta’sir ko‘rsatgan. U o‘n yetti yoshidan jadid nashrlari bilan aloqa bog‘laydi, ularda avvaliga kichkina xabarlari, so‘ng nazmiy va nasriy mashqlari, publitsistik maqolalari bilan qatnasha boshlaydi. E’tiborlisi, u nafaqat Turkiston, balki Qrim, Tatariston, Boshqirdistonda chop etilgan gazeta-jurnallarda ham qatnashishga harakat qilgan.
Cho‘lponning ijodi 1913–1914-yillardan boshlangan. Lekin bosma nashrda ilk bor 1914-yil «Sadoyi Turkiston» gazetasining 3-sonida «Turkistonli qardoshlarimizga» maqolasi bilan ko‘rinish beradi. U avval «Qalandar», «Mirzaqalandar», «Andijonlik» va nihoyat «Cho‘lpon» taxallusi bilan ijod qildi. Shoirga «Cho‘lpon» taxallusini buyuk ma’rifatparvar Munavvar qori Abdurashidxonov bergan edi. Shundan so‘ng «Sadoyi Turkiston» va «Sadoyi Farg‘ona» gazetalarida birin-ketin «Qurboni jaholat», «Doktor Muhammadiyor» nomli hikoyalari, «Bahor avvallari» etyudi, «Adabiyot nadir?» va «Muhtaram yozg‘uchilarimizga» nomli adabiy-tanqidiy, «Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik» hamda «Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar» nomli publitsistik maqolalari e’lon qilindi.
Uning adabiyotga qo‘ygan jiddiy qadami 1922–1935-yillarda nashr ettirgan kitoblarida o‘z aksini topgan. Bu davrda u o‘zining «Uyg‘onish» (1922), «Buloqlar quchog‘ida» (1923), «Tong sirlari» (1926), «Soz» (1935) she’riy to‘plamlarini nashr ettirdi. 30-yillarga kelib «Jo‘r» she’riy to‘plamini tayyorladi. Ammo to‘plam qatag‘onlik tuzog‘iga ilinib, qolib ketadi. Shoirning to‘plamlari orasida «Buloqlar quchog‘ida» (1923) alohida ajralib turadi. To‘plam besh bo‘limdan iborat bo‘lib, ular «Sharq uchun», «Sezgilar», «Sevgi», «Qora yo‘llar» va «Qor qo‘ynida» deb nomlanadi. Shoirning o‘zi qayd etishicha, mazkur she’riy guldasta «jahon fotihlari changalida ezilib yotqon Sharq o‘lkalariga» bag‘ishlangan. Jumladan, «Amalning o‘limi» she’rida shunday misralarni o‘qiymiz:
Ko‘nglimda yig‘lagan malaklar kimlar,
Sharqning onalari, juvonlarimi?
Qarshimda ingragan bu jonlar kimlar,
Qullar o‘lkasining insonlarimi?
Xalqimiz qalbidan joy olgan «Qalandar ishqi», «Ko‘ngil», «Binafsha» kabi she’rlari aynan shu to‘plamda chop etilgan. Umuman, matbuotda e’lon qilingan ilk asarlaridayoq, millatning ma’naviy qashshoqlanishi va yurtining tutqunligidan yuragi pora Cho‘lpon o‘z armonlarini ommaga yuqtirib, uni mavjud holatdan chiqishga da’vat qilayotgan bezovta qalb egasi sifatida bo‘y ko‘rsatadi.