46-mavzu
Turkiy davlatlar birdamligi – rivojlanish sari yangi qadam
Aynan ana shu maqsadda, ya’ni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlan¬tirishni ko‘zlab, 2009-yilning 3-oktabr sanasida Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga asos solinlgan. Aslida unga qadar ham Turkiy davlatlar rahbarlari sammiti mavjud bo‘lib, uning ilk yig‘ilishi 1992-yil 30-oktabrda Anqarada o‘tkazilgan edi. 2018-yilning sentabr oyida Prezidentimiz ushbu tashkilotning Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tkazilgan sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. 2019-yil sentabrida O‘zbekiston Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilib, o‘sha yili oktabrda tuzilmaga rasmiy qo‘shildi.
Ayni paytda Turkiy tilli davlatlar tashkiloti tarkibiga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya kiradi. Vengriya hamda Turkmaniston esa uning faoliyatida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.
Bu tashkilot, ya’ni Turkiy kengash xalqaro tuzilmalar ichida birinchi bo‘lib pandemiyaga qarshi birgalikda kurashishga bag‘ishlangan davlat rahbarlari favqulodda sammitini o‘tkazdi. Ushbu sammitda nafaqat turli tibbiy jihozlarni yetkazish yo‘li bilan o‘zaro yordam ko‘rsatish borasida, balki transport, iqtisod, savdo, chegara va migratsiya kabi bir qator sohalarda ham yangi maq¬sad hamda vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston tashkilot ishida faol ishtirok etmoqda. Davlatimiz tuzilma doirasida bir qancha tashabbuslarni ilgari surgan. Ushbu taklif va tashabbuslar zamirida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda turkiy tilli xalqlar hamda davlatlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdek ezgu maqsadlar yotibdi.
So‘nggi yillarda tashkilot a’zolarining savdo-iqtisodiy sohalardagi o‘zaro hamkorligi tobora kuchaymoqda. 2016-yildan beri ular o‘rtasidagi mahsulot aylanmasi 40 foizga oshdi. O‘zaro savdoning umumiy hajmi esa 16 milliard AQSH dollariga yaqin.
Transport-kommunikatsiya sohasida ham hamkorlik rivojlanyapti. Jumladan, «Boku–Axalkalasi–Kars» temiryo‘l tarmog‘ining tranzit salohiyatini oshirish maqsadida tomonlar o‘rtasida bojxona-soliq siyosa¬tini muvofiqlashtirish va boj¬xona jarayonini soddalashtirish masalalari ustida ish olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashkilot doirasidagi sammitlarda iqtisodiy, sarmoyaviy, savdo-sotiq, transport-kommunikatsiya va logistika tizimlarini rivojlantirish, innovatsiyalar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalariga oid, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasini va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ziyorat turizmi bo‘yicha qator tashabbuslarni faol ilgari surgan edi.
Yurtboshimizning Kengashning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan sammitidagi taklifiga asosan, ilk bor poytaxtimizda 2019-yilning oktabr oyida Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investitsiya va biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjumanlarda Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar ishbilarmon doiralarining 300 nafarga yaqin, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan vazirlik va idoralar, tadbirkorlik subyektlarining 200 dan ortiq vakili ishtirok etdi.
Investitsiya va biznes forumi doirasida, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar ishbilarmon doiralari ishtirokida «B2B» formatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘zaro muloqotlar chog‘ida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda, xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz rahbarining taklifiga ko‘ra, 2021-yil¬ning sentabrida Toshkent shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida «IDEA – Yosh tadbirkorlar forumi» bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan 200 dan ortiq yosh tadbirkorlar, xalqaro ekspertlar, Kengashga a’zo mamlakatlar¬ning yoshlar masalalariga mas’ul vazirlari, shuningdek, TTDHK kotibiyatining rahbariyati qatnashdi.