39-mavzu
Hayot bog‘boni, umr charog‘boni
O‘qituvchi va murabbiylar – Yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta kuch, tayanch va suyanchimizdir.
Shavkat MIRZIYOYЕV
Dunyoda kasblar ko‘p, hunarlar bisyor. Ular ichida eng ulug‘i va sharaflisi esa o‘qituvchilik va murabbiylikdir. Zotan, zahmatkash va olijanob o‘qituvchilar yoshlarga ta’lim berish barobarida, yurtning yorug‘ kelajagini bunyod etishga qodir avlodni tarbiyalab voyaga yetkazadi.
Jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz ta’lim-tarbiya masalasiga g‘oyat muhim va ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratgan. Zotan, azal-azaldan ustoz va murabbiylarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilgan. Birgina sohibqiron Amir Temur o‘zini ustozi va piri Mir Sayyid Barakaning oyoq tomoniga dafn etishlarini vasiyat qilgani ham ana shu ehtiromning yorqin dalili bo‘la oladi. Qolaversa, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy ustoz maqomini shunday yuksaklikka ko‘targanki, bu uning quyidagi misralarida yaqqol tajassumini topgan:
Haq yo‘lida kim senga bir
harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado
oning haqqin yuz ganj ila.
O‘zbek ma’rifatparvarlaridan biri Abdurauf Fitrat «Hayot yo‘lida birinchi masala – maktab masalasidir», deya e’tirof etadi. Abdulla Avloniy esa o‘zining «Turkiy guliston yoxud axloq» asarida «Ilm inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga o‘z ahvolimizni, harakotimizni oyina kabi ko‘rsatur. Savobni gunohdan, halolni haromdan, tozani murdordan ayurib berur. To‘g‘ri yo‘lga rahnomolik qilub, dunyo va oxiratda ma’sud bo‘lishimizga sabab bo‘lur. Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur...» deb yozadi. Albatta, jamiyatni savodsizlik, bilimsizlik botqog‘iga botishdan saqlab, umr yo‘llarimizni ilm-u ma’rifat mash’alasi bilan charog‘on etib turadiganlar, avvalambor, o‘qituvchilar, ustoz-muallimlardir.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda ta’limga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga qaratilgan muhim dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning natijasi o‘laroq, xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 28 ming 12 taga yetkazildi. Ayni paytda 3–7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi qariyb 70 foizni tashkil etmoqda.
So‘nggi yillarda Prezident maktab¬lari, ijod maktablari, ixtisos¬lashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, hozirgi vaqtda matematika, fizika, kimyo-biologiya, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xorijiy tillar bo‘yicha o‘nlab yangi sifat bosqichidagi ta’lim maskanlari – ixtisoslashgan maktablar muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Xuddi shuningdek, oliy ta’lim sohasida jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yangi universitet va institutlar hamda ularning filiallari barpo etilib, buning natijasida qamrov darajasi sezilarli darajada ortdi.