37-mavzu
AXBOROT MAKONIDAGI SIYOSIY, MAFKURAVIY KURASHLAR
Birlashgan Millatlar Tashkilotining nizomida «Urush to‘g‘risidagi g‘oyalar inson ongida paydo bo‘ladi, shuning uchun aynan inson ongida tinchlik to‘g‘risidagi g‘oyalarni shakllantirish lozim», deyilgan.
Darhaqiqat, tarixga nazar tashlansa «urush va tinchlik» g‘oyasi bir soniya bo‘lsa-da, unut bo‘lmagan. Insoniyat paydo bo‘lganidan buyon 14 mingdan ziyod sodir etilgan katta va kichik urushlarda 3 mlrd. 64 mln. kishining yostig‘i qurigani, odamlar faqat 292 kungina urushlarsiz yashagani tarixiy haqiqat. I Jahon urushida – 13 mln., II jahon urushida – 60 mln., «sovuq urush» davrida esa – 100 mln ga yaqin inson halok bo‘lgan.
Ushbu urushlarda yarador, majruh bo‘lganlarning soni halok bo‘lganlardan 2–3 barobar ko‘p. Urush – ofat, urush – taraqqiyot dushmani, urush – dushman qidirish demakdir. Urush o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, buzg‘unchi g‘oyalar va mafkuralar mahsulidir.
Bugun shuni afsus bilan aytish joizki, insoniyat rivojlanishi bilan urushlar soni ortib («Rim klubi»ning ma’lumotiga ko‘ra, jahonda yig‘ilib qolgan qurol-yarog‘lar zaxirasi yer yuzini 20 marta yo‘q qilishga yetadi), urush, zo‘rlik, fahsh, axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi mafkura va g‘oyalar ommaviy axborot vositalarini mafkuraviy poligonga aylantirgan. Axborot maqomidagi separatizm, radikalizm, terrorizm, neofashizm, ekstremizm, egotsentrizm, ksenofobiya, natsizm, imperializm, gomoseksualizm ana shunday buzg‘unchi mafkuralardir.
Bu kabi buzg‘unchi mafkuralar ommaviy axborot vositalari orqali zo‘rlik, jangarilik, fashizm, axloqsizlik, rangli inqiloblarni ochiq va yashirincha targ‘ib qilmoqda.
Butun dunyo aholisining 4 mlrd ga yaqini ijtimoiy tarmoqlar a’zosi. Mutaxassislarning fikricha, internet orqali tarqaladigan kompyuter o‘yinlarining 49 foizi zo‘ravonlik va yovuzlik, 41 foizi jangari xarakterga ega. Dunyo bo‘yicha yiliga 10 mingdan ziyod film suratga olinsa, shundan 1000 tasi Bollivudga tegishlidir. Bu filmlarning aksariya¬tida zo‘rlik, fahshga ustuvorlik berilgan. Eng dahshatlisi, bunday filmlarga ehtiyoj katta. Aqlga, mantiqqa emas, ehtirosga, foydaga qarab ish tutilmoqda. Buning uchun yolg‘onlar, uydirmalar o‘ylab topilyapti. Sun’iy voqealar, obrazlar, subyektiv xohishlar obyektivlikdan ustun qo‘yil¬moqda. Natijada OAV mafkuraviy qurolga, odamlar hissiy xohishlarining qurboniga aylanyapti.
Ommaviy axborot vositalaridagi bir jinsli oilalar, egoizm, rangli inqiloblar targ‘iboti natijasida:
– 11 ta davlat «bir jinsli oila»ni tan olib, nikohdan o‘tkazmoqda;
– har qirq soniyada bitta odam o‘zini o‘ldiryapti, 20 ta odam shunga harakat qilmoqda;
– rangli inqiloblar targ‘iboti «arab bahori», «lolaqizg‘aldoq», «sariq inqilob» kabi inqiloblarni paydo qildi. Buning natijasida ayrim davlatlar yo‘q bo‘lish arafasiga kelib qoldi;
– yoshlar orasida xudbinlik kuchaymoqda. Masalan, Xitoyda 400 mln. yoshlar xudbinlikka chalingani qayd etilgan;
– Yevropada erkin muhabbat, yalang‘och oila targ‘iboti tufayli «oila ekologiyasi», «demografik fojia» sodir bo‘ldi. O‘lim tug‘ilishdan ilgarilab ketdi.
Muammoning yechimini izlash nuqtai nazaridan yondashganda, yaxshi g‘oya, yaxshi so‘z, yaxshi amal targ‘iboti kerak. Bu degani, korrupsiya, terrorizm kabi salbiy harakatlardan ko‘ra halollikni, mehnatsevarlik, odob-axloqni ko‘proq targ‘ib qilish kerak. Chunki yaxshilikni bilgan odam yomonlikka qo‘l urmaydi.
Axborot makonidagi geomafkuraviy siyosiy kurashlar bir qutbli va ko‘p qutbli dunyo tarafdorlari o‘rtasida sodir bo‘layotganini kuzatish mumkin. Masalan, tarixda imperiyaparast kuchlar butun dunyo ustidan hukmronlik qilishga harakat qilib, o‘zlarining imperiyalarini yaratishgan. Ammo qadimgi Ossuriya – Bobil (Vavilon), Eron – Midiya, Yunon – Makedoniya, Rim imperiyalari, eramizdagi Arab, Mo‘g‘ul, Sovet imperiyalari dunyo ustidan to‘liq hukmronlikni o‘rnata olmadi. Barcha imperiyalar mag‘lubiyatga uchradi. Ya’ni, ichki nizolar, hokimiyatparastlik, kleptokratiya, nepotizm kabi buzg‘unchi g‘oyalar imperiyalarni ichidan yemirib tashladi.