View in Telegram
35 - mavzu FARZANDLAR TA’LIMIDA MAKTAB VA RЕPЕTITORNING O‘RNI Ma’rifatparvar bobo­miz Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’biri bilan aytganda, «Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir». Haqiqatan ham, shunday. Borliqqa ko‘zlarida hayrat va har bir nuqtaga so‘roq bilan boqqan farzandlarimiz ilk saboqni maktabda oladi. Alifbodagi har harfni o‘zlashtirgani sayin ularning ong-u tafakkuri o‘sib boradi. Demak, har bir bilim ufqi keng shaxsning ilm poydevoriga birinchi g‘isht maktabda qo‘yiladi. Binobarin, bu asos mustahkam bo‘lishi zarur. Ta’kidlash joizki, bunda o‘quvchining ilmga chanqoqligi, tirishqoqligi, ota-ona va o‘qituvchining o‘zaro hammaslakligi, jonkuyarligi hamda mas’uliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bu jarayonlarni o‘qituvchining salohiyati, ta’lim muassasasidagi shart-sharoit, talablar ham bevosita to‘ldiradi. Biroq bugun yurtimiz ta’lim tizimidagi ba’zi muammolar, xususan, maktablarning moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi zamon talablariga javob bermasligini inkor etib bo‘lmaydi. Xo‘sh, bunday sharoitda nima qilish kerak? Masalaning mushohadatalab jihati ham shunda. Va bunday vaziyatda o‘z-o‘zidan bilim olish, kasb-hunar egallashning qo‘shimcha usullari yuzaga keladi va ularga jamoatchilikda ehtiyoj ortadi. Ota-onalar farzandining tanlagan mutaxassisligini o‘qib-o‘rganishi, yetuk va barkamol shaxs sifatida jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun qo‘shimcha darslarga beradi. Hozirda ta’lim jarayonlarida bu talablar – o‘quv markazi, repetitor so‘zlari bilan tilimizga o‘rnashgan. O‘quvchi-yoshlarning o‘zaro suhbatlarida «Repetitor topdingmi? Qaysi o‘quv markaziga qatnayapsan?» qabilidagi gap-so‘zlari tez-tez qulog‘imizga chalinishi bor gap. To‘g‘rirog‘i, tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘quv yurtida ta’lim olishni istagan o‘quvchi-yoshlar ota-onasining iqtisodiy imkoniyatlariga qarab, albatta, vaqtini rejalashtirib, repetitorga boradi. Kirish imtihonlariga alohida o‘qituv­chi yordamida tayyorlanadi. Bu yaxshi, ammo bugun ayrimlarning «Maktabda o‘qish yo‘q, repetitorga bor» qabilidagi kinoyali so‘zlari bilan masalani noto‘g‘ri talqin qilishi, maktab ta’limini inkor etishi ham achchiq haqiqat. Shu o‘rinda tanganing ikkinchi tomoni haqida ikki og‘iz so‘z. Ayni paytda repetitordan nafaqat oliy o‘quv yurtiga tayyorlanish uchun, balki farzandining o‘zlashtirishda oqsayotganini sezgan ota-onalar maktab darslari bilan parallel ravishda foydalanayotganini ham aytib o‘tishimiz kerak. Demak, bu faoliyat turining kengayishiga qaysidir ma’noda ta’lim jarayonidagi ba’zi kamchiliklargina emas, ota-onalarning farzandining, kezi kelganda, tantiligi, dangasaligi, uquvsizligiga chek qo‘yish maqsadida tashabbus ko‘rsatib, bolasini o‘quv markazlari, tajribali ustozlarga yetaklashi ham sabab bo‘lyapti. Bunda yana bir mushohadatalab jihat. Ya’ni, unutmang, maktab dasturini yaxshi o‘zlashtirmagan o‘quvchini eng kuchli repetitor ham oliy o‘quv yurtiga kiradigan darajada tayyorlay olmaydi. O‘quvchi repetitorga davlat ta’lim standartida ko‘rsatilgan bilimni olib, keyin borgani durust. Chunki fanlar o‘zaro bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. O‘quvchi faqatgina bitta fanni yaxshi o‘zlashtirgan bilan hech narsaga erisha olmaydi. Qolaversa, repetitorning vazifasi miyasi bo‘m-bo‘sh bolaga alifbodan boshlab savod o‘rgatish emas, repetitor – o‘quvchining maktabda olgan ilmini kengaytirib, bevosita mutaxassislikka oid fanlar bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilim beradi. Demak, maktabda egallangan bilim inson kamolotida hamisha asos, poydevor vazifasini o‘taydi.
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily