31-mavzu
FAOL MAHALLA – VATAN TAYANCHI
Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan izchil borayotgan mamlakatimizda fuqarolarning davlat boshqaruvini amalga oshirishdagi ishtirokini va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal qilishlarini ta’minlovchi tashkiliy-huquqiy kafolatlar tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Zero, o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish fuqarolik jamiyatini barpo etishning nafaqat sharti, balki muhim vositasidir.
Asosiy qonunimizning 32-moddasida fuqarolarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanligi, bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yo‘li bilan amalga oshirilishiga oid norma o‘z ifodasini topdi. Bosh qomusimizning 105-moddasida esa fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.
O‘zini o‘zi boshqarishning xalqimiz an’analari va qadriyatlariga juda xos bo‘lgan usuli – mahallalar tizimi so‘nggi yillarda juda katta nufuzga ega bo‘lib bormoqda. Mahallaning har qanday masalani yechishga qurbi yetadi. Nega deganda, eng adolatli muhit, eng adolatli ijtimoiy sharoit, vaziyat faqat mahallada bo‘lishi mumkin.
Ma’lumki, islohotlarimizning muhim tamoyillaridan biri – aholining kam ta’minlangan tabaqasi, ya’ni, qariyalar, nogironlar, bolalarni muhofaza ostiga olish, ularni puxta himoyalashdir. Yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, ish bilan ta’minlanishiga har tomonlama yordam berish davlatimizning muqaddas burchidir. Bunday kerakli va savobli maqsadlarni amalga oshirishda aholining o‘zini o‘zi boshqarish tizimiga, bugungi hayotimizda katta ahamiyatga ega bo‘lgan mahallalarga suyanib ish ko‘rilmoqda.
Aholi osoyishtaligini ta’minlash va mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan tizim joriy qilish ishlari yanada jadallashtirildi. Bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Jumladan, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilik sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolar bevosita joylarning o‘zida hal etilyapti.
Jinoyatchilik ahvolidan kelib chiqib, tuman, shahar va mahallalar toifalarga ajratilib, hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda «jinoyat o‘choqlari»ni bartaraf etish uchun barcha zarur kuch va vositalar jalb qilinmoqda. «Respublika — viloyat — tuman — mahalla» tizimi asosida yaxlit boshqaruv va uzluksiz nazorat qilish mexanizmlari joriy etilgan.
Bosqichma-bosqich ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil etilmoqda. Profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan o‘zaro tezkor muloqotni yo‘lga qo‘yish, profilaktika inspektorlari va sektor rahbarlari faoliyatiga baho berish imkonini beruvchi «Smart mahalla» axborot dasturi ishga tushirilgani esa nur ustiga a’lo nur bo‘ldi.
«Smart mahalla» elektron dasturining afzalliklari shundaki, aholi mavjud muammolari bo‘yicha uyidan turib, tun-u kun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashash joyi bo‘yicha sektor rahbarlariga murojaat etishi, muammolarini bartaraf etgan sektor rahbarining faoliyatiga xolisona baho berish imkoniyatini yaratadi.
Ma’lumki, asrlar mobaynida mahallalarda ko‘pdan-ko‘p hayotiy muammolar o‘z yechimini topib keladi. To‘y-ma’rakalar ham, hayit-u hasharlar ham mahalla ahlisiz o‘tmaydi. Mahallalarda siyosiy, iqtisodiy va boshqa masalalarga doir jamoatchilik fikri shakllanadi. Bu esa xalqimizning turmush tarzi, ota-bobolarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan tafakkur tarzidir. Binobarin, hayotning o‘zi mahallalarni rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlashni taqozo etmoqda.