30 - mavzu
YANGI O‘ZBЕKISTON – MA’RIFATLI JAMIYAT
Mamlakatimizda amalga oshirilgan yangilanishlar xalqimiz hayoti va dunyoqarashini o‘zgartirdi, jahon hamjamiyatida mamlakatimiz obro‘-e’tiborini oshirgan, imijini shakllantirgan islohotlar qilindi. Avvalo, chegaradosh davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi, yaqin qardoshlik rishtalari tiklandi. Buning natijasida yaqin qarindosh, quda-anda bo‘lib ketgan xalqlarimizning mushkuli oson bo‘lib, ko‘plab muammolar barham topdi. Necha yillardan buyon hal etilmay kelinayotgan masalalar ham konstruktiv muloqot yo‘li bilan birma-bir o‘z yechimini topmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun his etishiga, davlat organlarining xalq irodasini ifoda etib,
uning manfaatlariga xizmat qilishining yangi bosqichga ko‘tarilishiga omil bo‘lmoqda.
Yangilanayotgan O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy islohotlarga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraladi. Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada yaxshilash, ming yillar mobaynida uning bag‘rida sayqallanib kelayotgan ibratli an’ana va qadriyatlarni targ‘ib etish borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi jamiyatdagi sog‘lom kuchlar, yuksak iste’dod va tafakkur sohiblarining aqliy salohiyatini Vatan istiqboli sari yo‘naltirish, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, odamlarning ma’naviyatini yuksaltirish, bebaho madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashga, eng asosiysi, o‘zligimizni anglashga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish borasida samarali sa’y-harakatlar qilinmoqda. Zero, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning ta’sirchanligini oshirish, ma’naviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash jiddiy fikr yuritishni taqozo etadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish – 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining beshinchi muhim yo‘nalishi hisoblanib, unda asosiy maqsad: ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish belgilangan.
«Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat» konsepsiyasini amalga oshirish orqali quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilgan:
– aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha huquqiy-ma’rifiy tadbirlarni xalqimizning boy tarixi, ilmiy-madaniy merosi, milliy-diniy qadriyatlarni o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil qilish;
– targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning ta’sirchan, kreativ va innovatsion uslublarini ishlab chiqish hamda ularni o‘z vaqtida amalga oshirish choralarini ko‘rish;
– o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari va ma’naviy merosini asrab-avaylash, keng ommalashtirish hamda rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
– oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash.
– ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotlarni o‘z vaqtida berib borish orqali yolg‘on ma’lumotlar tarqalishining oldini olish;
– «Mahalla–tuman–viloyat–respublika» prinsipi asosida hududlar kesimida ijtimoiy-ma’naviy muhitni optimallashtirish xaritasini shakllantirish, bu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
– ma’naviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish;