29 - mavzu
DUNYONING YANGI GЕOSIYOSIY MUAMMOLARI
Insoniyatning XXI asrga qadam qo‘yganiga ham chorak asrga yaqinlashib qoldi. Tarix uchun judayam qisqa bo‘lgan shu muddat ichida yer yuzida bir qancha o‘zgarishlar yuz berdi. «Katta davlatlar» tomonidan yangi tartibotlarni vujudga keltirish uchun tinimsiz faoliyat olib borilmoqda. Natijada dunyoda urushlar, nizo va ziddiyatlar ko‘paysa ko‘paymoqdaki, kamaygani yo‘q.
Yangi tartibotlar haqida siyosatshunoslar, faylasuflar va boshqalar tomonidan turli farazlar ilgari surilmoqda. Mutaxassislarning ayrimlari bugungi globallashuv sharoitida zamonaviy geosiyosiy va xalqaro munosabatlarni yaxshilash, demokratik qadriyatlarni rivojlantirishni taklif qilsalar, boshqalar insoniyatga tahdid solayotgan milliy mojarolar va shu asosda kelib chiqadigan etnik ziddiyatlar, xavfliligi jihatdan tobora avj olib borayotgan global iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga birgalikda qarshi turishning yo‘llarini izlamoqdalar. Biroq bu fikrlarni inkor etmagan holda, «katta davlatlar» deb ataluvchi ayrim siyosiy guruhlar o‘zining yetakchiligini e’tirof ettirish bilan dunyoni muvozanatda saqlash mumkin degan tushuncha bilan geosiyosiy harakatlarni amalga oshirmoqda.
Geosiyosat masalasi bugunga kelib qayta avj oldi, deyish mumkin. Ulkan kashfiyotlarning boshlanish davri bilan bir vaqtda shakllana boshlagan hamda jahonda hududlarni bo‘lib olish, ularni mustamlakalarga aylantirish uchun kurash boshlangan va katta imperiyalarning vujudga kelishini ta’minlagan XVII–XIX asrlarda Yevropada va butun dunyoda boshlangan davlatlarning markazlashuv va mustamlakachilik jarayonlari avj olgan geosiyosat, afsuski, bugun o‘sha o‘zining klassik holatini takrorlash xavfini vujudga keltirmoqda.
Bu jarayonning xatarliligi shundaki, katta davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar hatto bugungi kunda ham mavjud moddiy va ma’naviy qadriyatlarni, asosiy geosiyosiy makonlarni o‘zaro taqsimlash yoki egalik qilishga intilish asosiga qurilmoqda. Davlatchilik tarixidan ma’lumki, o‘zga davlatlarning boyligiga ega bo‘lish tendensiyasi kuchaygan o‘rta asrlardan to bugungi kungacha buyuk davlatlar, imperiyalar yoki hozirgi davr siyosati bilan aytganda, strategik maqsadlar yo‘lida birlashadigan davlatlar ittifoqlari va boshqa siyosiy kuchlar xalqaro munosabatlar hamda dunyo siyosatining asosiy tamoyillarini belgilab bergan va bugungi kunda ham belgilab berishga intilish kuchaymoqda.
Ayni shu kuchli yoki katta deb ataluvchi ayrim davlatlar ba’zan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ba’zan kuchli siyosiy targ‘ibot orqali bevosita yoki bilvosita o‘zlarining xohish-istaklarini boshqa davlatlarga zo‘rlab o‘tkazishga harakat qilmoqda. Shu asosda jahonning geosiyosiy xaritasini tuzish rejasidalar, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bundan maqsad, davlatlararo boshqaruvchilik va hakamlik vazifasini bajarish asnosida boshqa xalqlar va davlatlarga qanday yashash, qaysi yo‘ldan yurish qoidalarini belgilab berishni nazarda tutmoqdalar. Ko‘rinib turibdiki, ularning asl maqsadlari mavjud moddiy va ma’naviy boyliklarni, insoniyat uchun muhim bo‘lgan xomashyo resurslarini taqsimlash, geosiyosiy ta’sir o‘tkazish sohalarini, jahon miqyosida ta’sir doiralarini kengaytirishdan iborat.
Ming afsuski, insoniyat ayrim katta davlatlarning bosqinchilik va nisbatan kuchsiz mamlakatlarga tajovuz siyosati ta’siridan hamon qutula olgani yo‘q. Aksincha, bugungi kunga kelib qayta avj olayotganini ko‘rish, anglash qiyin emas. Aynan geosiyosat ayrim mamlakatlarning mafkurasiga aylanayotgani ham hech kimga sir emas.
Insoniyat tarixida o‘zining buzg‘unchilik, vayronkorlik xususiyatlari bilan davlatlarning, xalqlarning rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, taraqqiyotni izdan chiqargan geosiyosiy xarakterdagi ko‘plab mafkuralar bo‘lgan va hozir ham mavjudligi hech kimga sir emas. Urushlarni olib borish, bosqinchilikni moddiy va ma’naviy tayyorlash, raqibni harbiy qurollar va jang olib borish taktikasi asosida, ruhiy ta’sir ko‘rsatish vositalari yordamida tor-mor qilishning nazariy asoslari ham yaratilgan.