28-mavzu
«TURKIY GULISTON YOXUD AXLOQ» – SHARQONA TARBIYA ASOSI
Tarixiy manbalardan ma’lumki, ijtimoiylashuv jarayoni bosqichlaridan biri – odob-axloq masalalari doimo dolzarb ahamiyat kasb etgan. Bunda shaxsning har tomonlama komillikka erishishi muhim va asosiy maqsad bo‘lgan.
Abdulla Avloniyning axloqiy va ta’lim-tarbiyaviy asari «Turkiy guliston yoxud axloq»da insonlarni «yaxshilikka chaqiruvchi, yomonliklardan qaytaruvchi» ilm-axloq haqida fikr yuritiladi. Shu jihatdan qaraganda, bu asar Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig», Nosir Xisravning «Saodatnoma», Sa’diyning «Guliston» va «Bo‘ston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Ahmad Donishning «Farzandlarga vasiyat» kitoblari singari o‘ziga xos tarbiyaviy asardir.
Abdulla Avloniy pedagog sifatida bola tarbiyasining roli haqida fikr yuritib, «Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulib, tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lib o‘sdimi, Allohu akbar, bunday kishilardan yaxshilik kutmoq yerdan turub yulduzlarga qo‘l uzatmak kabidur», deydi. Uning nazdida, bolalarda axloqiy xislatlarning tarkib topishida ijtimoiy muhit, oilaviy sharoit va bolaning atrofidagi kishilar g‘oyat katta ahamiyatga ega.
Avloniy insonga va uning aqliga ana shunday yuksak baho beradi. «Ilm insonlarning madori, hayoti, rahbari najotidur. Agar aqlingning qo‘li nafsingning jilovini ushlasa, sani yomon yo‘llarga kirmoqdan saqlar. Har narsa ko‘p bo‘lsa, bahosi arzon bo‘lur, ammo aql esa ilm va tajriba soyasida qancha ko‘paysa, shuncha qimmatbaho bo‘lur».
«Turkiy guliston yoxud axloq» kitobi ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiladi. Abdulla Avloniy kitobda ilm to‘g‘risida bunday deydi: «Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidur. Ilm inson uchun g‘oyat oliy, muqaddas bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga o‘z ahvolimizni, harakatimizni oyina kabi ko‘rsatur... Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur...». Adibning obrazli ifodasiga ko‘ra, ilm bamisoli bodomning ichidagi mag‘iz. Uni qo‘lga kiritish uchun mehnat qilish, ya’ni chaqib, uni po‘chog‘idan ajratib olish kerak. U ilmning jamiyat taraqqiyotidagi rolini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham u yoshlarni ilm sirlarini bilishga, hodisalar mohiyatini yechishga, kitob mutolaa qilishga chaqiradi. Uning fikricha, ilm agar jamiyat manfaatiga xizmat qilmasa, xalq farovonligi yo‘lida qo‘llanmasa, u o‘likdir. A. Avloniy o‘z ilmini amalda qo‘llay oladigan kishilarga yuksak baho beradi, ularni dono insonlar, deb ataydi.
Abdulla Avloniy o‘tmish mutafakkirlari kabi yoshlarni foydali kasb-hunar egallashga chaqiradi. Adib boylik ketidan quvuvchilarni, ularning odamgarchilikka to‘g‘ri kelmaydigan ishlar bilan shug‘ullanayotganini ko‘rib, ulardan nafratlanadi. Yoshlarni boylikka ruju qo‘ymaslikka undaydi. Boylikni o‘tkinchi bulutga o‘xshatadi. Mehnatsiz kun kechirishni barcha yomon sifatlarning ibtidosi, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham u mehnatni ulug‘laydi, mehnat kishining eng go‘zal fazilatidir, deydi.
«Odob» (arab. «adab» so‘zining ko‘pligi) – jamiyatda e’tirof etilgan xulq me’yori. U shaxs ma’naviy hayotining tashqi jihatini ifodalab, o‘zaro munosabatda, oila, mehnat jamoasida namoyon bo‘ladi».
Odob mohiyatining asosini axloqiy tamoyillar, me’yor va shaxsning tarbiyalanganlik darajasi tashkil etadi.
«Odob» (arab. «adab» so‘zining ko‘pligi) – jamiyatda e’tirof etilgan xulq me’yori. U shaxs ma’naviy hayotining tashqi jihatini ifodalab, o‘zaro munosabatda, oila, mehnat jamoasida namoyon bo‘ladi». Odob mohiyatining asosini axloqiy tamoyillar, me’yor va shaxsning tarbiyalanganlik darajasi tashkil etadi.
Odob kishining tarixiy tajribalarga asoslanib, asta-sekin bolalikdan ta’lim-tarbiya yordamida amalga oshirib boriladigan uzluksiz jarayondir. Shaxs ulg‘aya borgan sari odob darajasi ham kengaya boradi. To‘g‘riso‘zlik, sharm-hayo, sofdillik, kamtarlik, xushmuomalalik, ozoda va saranjomlik kabi fazilatlar odob-axloq qoidalari sanaladi.