26-mavzu
INTЕRNЕT MUHITI VA AXBOROT O‘ZGARISHLARI
Kompyuter texnologiyasining ajib mo‘jizasi bo‘lmish internet kurrai zaminni yagona kibermakonga aylantirdi. Uning qator ijobiy jihatlari borligini inkor etmagan holda, ayrim salbiy jihatlaridan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ya’ni, bugun jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga tahdid soluvchi misli ko‘rilmagan yangi-yangi xavflar paydo bo‘lmoqda. Internet orqali amalga oshiriladigan axborot xurujlarining oldini olish juda mushkul. Shundan foydalangan ayrim kimsalar o‘z g‘arazli maqsadlarini internet orqali amalga oshirishi ommaviy tus olmoqda.
Axborot xurujining asosiy xususiyatlari:
omma va yakka shaxslarning onglari axborot xurujining obyekti hisoblanadi. Qaror qabul qilish vakolatiga ega shaxslarga ko‘proq tazyiq o‘tkazishga harakat qilinadi;
axboriy ta’sir har xil mashmashalar va mavjud axborot bo‘shliqlari orqali amalga oshiriladi;
yot maqsadlar zo‘rlab o‘tkaziladi;
axboriy ta’sir buzib ko‘rsatilgan faktlarni o‘z ichiga olishi yoki ta’sir o‘tkazuvchiga maqbul emotsional holatni zo‘rlab o‘tkazishi mumkin.
Axborot quroli
Keng ma’noda – raqibni kerakli yo‘nalishda fikrlashga undaydigan, uning nuqtai nazarini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan va kerakli axborot yordamida amalga oshiriladigan harakatlardir.
Tor ma’noda – raqibning axborot zaxiralari ustidan nazoratni ta’minlaydigan va uning telekommunikatsiya tizimlariga zarar yetkazadigan texnikaviy usullar va texnologiyalar.
Axborot qurolining asosiy xususiyatlari
yashirin xarakterga egaligi (urush e’lon qilmasdan maqsadga erishish);
keng ko‘lamda zarar yetkazishi;
ko‘plab sohalarda, ya’ni raqibning harbiy va noharbiy tuzilmalari tomonidan qo‘llanishi.
Axborot qurolining
turlari
axborotni yo‘q qilish, buzish yoki o‘g‘irlash;
axborot himoya vositalarini sindirish;
ruxsat etilgan foydalanuvchilarga kerakli axborot resurslariga kirishni cheklash;
raqibning texnik va dasturiy vositalari faoliyatini ishdan chiqarish.
Axborot texnologiyalarining tezkorlik bilan rivojlanib borishi natijasida boshqarish va saralash ancha mushkul bo‘lgan axborot oqimi vujudga kelmoqda. Axborot sohasidagi globallashuv o‘ziga xos kurash maydoniga aylangan. Hozirgi paytda jahonda 20 ga yaqin davlatda yadro quroli ishlab chiqarish harakatlari davom etayotgan bo‘lsa, 120 ga yaqin mamlakatda «axborot xuruji» uyushtirilayotgani tashvishli holdir. Bu axboriy tajovuzlar millat ruhiga, insoniyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap.
Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalari hamda kommunikatsiya texnologiyalarining rivoji hozirgi davrdagi g‘oyaviy kurashlarga ham qulay imkoniyatlarni yaratmoqda. Jumladan, tarqatilayotgan axborotlar oqimining qaysidir bir kuchning manfaatdorligi nuqtai nazaridan axborot iste’molchilariga yetkazilishi yoxud ataylab qarama-qarshi xarakterdagi ma’lumotlarni poyma-poy uzatish orqali odamlarning idrokini susaytirishga intilish kabi xatti-harakatlar yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Bugun jamoatchilikni xavotir va tashvishga solib kelayotgan muammolardan biri, shubhasiz, milliy axborot makonimizga ma’naviy qadriyatlarimizga, barkamol avlodni tarbiyalashdek ezgu g‘oyamizga mutlaqo zid bo‘lgan nosog‘lom manfaatlar, qarama-qarshiliklar ta’siridagi oqim va undagi muttasil o‘zgarishlarning kirib kelayotganidir.
Mafkuraviy tahdidlar, «axborot xuruji» avvalo fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlar dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, jamoatchilik fikrini chalg‘itadi. Bu o‘z navbatida yurt osoyishtaligiga va jamiyat barqarorligiga putur yetkazadi. Bilintirmay ongga ta’sir ko‘rsatadigan axborot shaxs, oila va jamiyatni o‘z komiga tortaveradi. Davlat taraqqiyotiga, birinchi galda, ma’naviy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy yuksalishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Demak, axborot qanday maqsadda tarqatilganini, uning ijobiy yoki salbiy, foydali yoki zararli jihatlarini farqlash uchun odamlar ongi hamda ma’naviyati yuksak darajada bo‘lishi lozim.