17-mavzu
Ma’naviyat marshrutlari – doimiy tashriflar maskani
Rivojlanish jarayonida har bir sohaga ma’naviyat va ma’rifatni tatbiq etish, ishni shu asosda tashkil etish vazifasi qo‘yilayotgani bejiz emas. Zero, ma’rifatga yo‘g‘rilgan har qanday amal taraqqiyning tamal toshidir. Ma’naviyat chashmasidan suv ichgan daraxt hosili bir necha avlodga yetgulik meva beradi.
Ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini oshirish, ularni milliy qadriyatlariga sodiq barkamol shaxs sifatida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti tomonidan «Ma’naviyat marshrutlari» ishlab chiqildi. Unga asosan, 2022-yil davomida yurtimizning diqqatga sazovor joylari, muzeylar, ma’naviyat va ma’rifat maskanlari, tarixiy hamda madaniy obidalariga tashrif buyurish nazarda tutildi. Hududlar kesimida tasdiqlangan «Ma’naviyat marshrutlari» loyihalariga muvofiq barcha ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarni reja-taqsimotga asosan borishlari ta’minlanmoqda. Ushbu marshrutlar orqali o‘lkamizning tarixiy maskanlariga sayohat qilish rejalashtirilgani birinchi galda xodimlarning o‘z tug‘ilib o‘sgan yurti tarixini chuqurroq bilishni, ajdodlarning o‘chmas xotirasiga, ular qoldirgan boy ma’naviy merosni asrash va uni kelajak avlodga yetkazish mas’uliyatini yuklaydi.
Xodimlar tashrif buyuradigan madaniy obyektlar ro‘yxati hududlar kesimida tasdiqlangan bo‘lib, unda tarixiy-diniy merosimizni o‘rganish, tiklash, yosh xodimga qadimiy, boy tarixiy me¬rosimizni yetkazish orqali ichki ishlar organlari xodimlari ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida 108 ta madaniy obyekt tanlab olingan.
Tarixiy-madaniy obyektlar o‘tmishning zalvorli voqealaridan so‘zlaydi. Ularni o‘rganishga kirishar ekansiz, xalqimizning boy ma’naviy merosga ega ekanligidan faxr-iftixor tuysangiz, ikkinchi tomondan, bu bebaho xazinani asrash, avlodlarga bus-butun yetkazish vazifasi zimmamizda ekanini teranroq anglaysiz. Shuning uchun ham hududlarda «Ma’naviyat marshruti» doirasida tashkil etilayotgan sayohatlarga jiddiy e’tibor qaratilishi kerak.
Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q, o‘tmishini unut¬gan xalqning kelajagi inqirozga yuz tutadi. Bu isbot talab etmaydigan haqiqatdir. Ro‘yxatdan o‘rin olgan madaniy obyektlar tarixiga nazar tashlasak, ularning tarbiyaviy ahamiyati,
qadr-qimmati katta ekani, ularni o‘rganish hayotiy zarurat ekani anglashiladi.
Insoniyat tamadduni beshiklaridan bo‘lmish Buxoro zaminida ne-ne buyuk allomalar, diniy va dunyoviy ilm egalari yashab, ijod qilgan. Yetti pir – Abduxoliq G‘ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband me’moriy majmualari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi. Yetti piri komil Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan boshlangan «oltin silsila»ning davomchilari sifatida e’tirof etilgan.
Bundan tashqari, Buxoroi sha¬rifning betakror tarixini ko‘rsata oladigan ma’naviy boyliklar – Ark Qo‘rg‘oni, Sitorai Mohi Xosa saroyi, Fayzulla Xo‘jayev uy muzeyi, Poyi kalon majmuasi, Buxoro drama
teatri, Ibn Sino uy muzeyi, «Jasorat» muzeyi, Mahmud Torobiy vatanparvarlik bog‘i kabi o‘ndan ortiq madaniy obyektlar ham ma’naviyat marshrutlaridan joy olgan.
Samarqandning butun olamga mashhur obidalari sayyohlarni bir necha asrlardan buyon o‘ziga mahliyo etib kelmoqda. Ko‘hna va navqiron, yer yuzining sayqali deb ta’rif-u tavsif etilgan muazzam shahar jonli tarixdir. Sohibqiron bobomiz, Mirzo Ulug‘bek va yana ko‘plab tarixiy shaxslarning mangu qo‘nim topgan orom¬gohiga ziyorat asnosida har gal yangidan-yangi ma’lumotlarni olasiz, bu dunyo o‘tkinchi ekani, yaxshi amallargina inson nomini abadiyatga muhrlashini anglab, ruhingiz tozargandek bo‘ladi, go‘yo. Ma’naviyat xazinalari xalqimiz tomonidan chuqur o‘rganilishi, avaylab-asralishi juda ham muhim. Har bir obida-yu osori atiqada ajdodlarning barhayot a’mollari aks etgan.