View in Telegram
15-mavzu MA’NAVIYAT – YANGI UYG‘ONISH SARI YO‘L Yangilanayotgan O‘zbekistonda ham ma’naviy-ma’rifiy islohotlarga davlat siyosatining ustuvor yo‘na­lishlaridan biri sifatida qaraladi. Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada yaxshilash, ming yillar mobaynida uning bag‘rida sayqal­lanib kelayotgan ibratli an’ana va qadriyatlarni targ‘ib etish borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi jamiyatdagi sog‘lom kuchlar, yuksak iste’dod va tafakkur sohiblari­ning aqliy salohiyatini Vatan istiqboli sari yo‘naltirish, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, odamlarning ma’naviyatini yuksaltirish, bebaho madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashga, eng asosiysi, o‘zligimizni anglashga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bugungi kunda mamlakatimizda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish borasida samarali sa’y-harakatlar qilinmoqda. Zero, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning ta’sirchanligini oshirish, ma’naviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash jiddiy fikr yuritishni taqozo etadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashti­rish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Davlatimiz rahbari «Jamiyat hayo­tining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir» deya ta’kidlagani bejiz emas. Zero, diyorimiz milliy qadriyatlari, madaniyati rivojlangan, yuksak ma’naviyatga ega tamaddun o‘chog‘idir. Darhaqiqat, hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligi, avvalo, azaliy qadriyatlar tikla­nishi, boy tarixiy merosimizning chuqur o‘rganilishi, an’ana va urf-odatlari­mizning saqlanishi, madaniyat va san’at, fan va ta’lim rivoji, eng muhimi, jamiyat tafakkurining o‘zga­rishi va yuksalishi bilan uzviy bog‘liqdir. Bugun dunyo notinch va tahlikali bo‘lgan zamonda, butun yer yuzi turli talato‘plar girdobida qolayotgan, ziddiyatlar keskinlashgan bir paytda tinch va barqaror hayotni, ertangi kunimizni saqlab qolishning yagona najot yo‘li — ma’naviyatni asrashdir. Ayniqsa, yosh avlod tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor va talabchanlikni oshirish, ular ongi va qalbini egallash uchun kurash dunyo miqyosida kuchayayotgan bir paytda yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tarbiya shu Vatanda emin-erkin yashayotgan, daxldorlik hissi jo‘shib turgan har bir insonning mushtarak vazifasi hisoblanadi. Barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida ham ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat jihatdan yangi pog‘onalarga ko‘ta­rish, xodimlarning bilim saviyasini yanada yuksaltirish, ma’naviyatli, vatanparvar, o‘z kasbiga sadoqatli va fidoyi xodimlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, xodimlarning ma’naviy salohiyati va mafkuraviy immunitetini kuchayti­rishni o‘zida mujassam etgan «Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi» qabul qilinganiga bir yil bo‘ldi. «Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!» deb belgilangan konseptual g‘oyada davlat mustaqilligini himoya qilish, huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilish ustuvor vazifa ekanligi mujassamlantirildi. Davlatimiz rahbarining jahon uzra o‘zgacha bo‘y cho‘zayotgan, iqtisodiy va farovonlik tobora ortib borayotgan Yangi O‘zbekistonning hozirgi davrini milliy tiklanishdan milliy yuksalish tomon, deb e’lon qilganligining zamirida qat’iy ishonch va chuqur hikmat mujassam. Prezidentimizning: «Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda», – degan so‘zlari bunga yorqin misol bo‘ladi.
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily