View in Telegram
3-mavzu MARD O‘G‘LONLAR NOMI BARHAYОT Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonla­rimizning aziz xotirasiga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir. Shavkat MIRZIYOYEV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. Kindik qonimiz to‘kilib, tug‘ilib o‘sgan Vatan onamiz kabi aziz, mehribon va qadrlidir. Inson dunyoga kelmasidan avval onaning vujudida ulg‘aysa, bu yorug‘ olam yuzini ko‘rganidan keyin esa ona Vatani bag‘rida voyaga yetadi. Shu yurtni asrab-ardoqlash, himoya qilish esa har bir yurt farzandining muqaddas burchi hisoblanadi. Donishmandlar aytganidek: Tug‘ilgan yerdan ko‘ngil uzilmas, Yurt qo‘riganning yurti buzilmas. Darhaqiqat, yurtini sevadigan, ardoqlaydigan va himoya qiladigan mardlar bor ekan, mamlakat yuksalaveradi, taraqqiy etaveradi. Xalqimiz istiqlol yillarida o‘z oldiga qo‘ygan yuksak marralar, taraqqiyot sari ildamlar ekan, bu yo‘ldan chalg‘itishga uringan turli yovuz niyatli kuchlarga ham duch keldi. Oq-qorani ko‘rdi, yaxshi-yomon kunlarni boshidan kechirdi. O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yuksalishiga, xavfsizligiga din niqobi ostidagi ekstremistik kuchlar, xalqaro terrorchilar ko‘p bora raxna solishga urindi. Va har qanday og‘ir, murakkab va mashaqqatli kunlarda ham xalqimiz o‘zi tanlagan yo‘ldan ortga chekinmadi. Mustaqilligimizga qasd qilgan g‘arazli kuchlarga qarshi o‘zini yagona, mustahkam xalq sifatida namoyon etib, iroda, iymon va e’tiqod sinovidan yorug‘ yuz bilan o‘tdi. 1999-yilning 16-fevral voqealari, 2000-yilning iyul-avgust oylarida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarining tog‘li hududlariga jangarilarning bostirib kirishi, 2004-yil bahorida terrorchilik harakatlarining sodir etilishi va boshqa xunrezliklar oqibatida o‘nlab harbiylar, ichki ishlar organlari xodimlari va oddiy fuqarolar halok bo‘ldi. G‘animlar bu xatti-harakatlari bilan O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni, jamiyatdagi bunyodkorlik muhitini buzish, tobora kuchga kirayotgan davlatimizni o‘zi tanlagan yo‘ldan ortga qaytarishni ko‘zlagan edi. Biroq ular niyatlariga yetisholmadi. Ularga qarshi kurashda yurtimizning mard o‘g‘lonlarini ko‘ksini qalqon qildilar. ...2004-yil 30-mart. Qibray tumani hududidagi «Qoramurt» blok-postida xizmat burchini bajarayotgan xodimlarga yaqin atrofdagi mahalladan sumalak olib kelishdi. Barcha bahor­ning tabarruk ne’matidan tatib ko‘rishga ishtiyoqmand edi. Katta serjant Zoitbek Ahmedov esa yo‘lda avtomobillar qatnovini nazorat qilayotgani uchun hamkasblariga ke­yinroq borishini bildirdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, «Tiko» rusumli avtomashina postga yaqinlashdi. Uning salonida o‘tirgan shubhali shaxslar osoyishtalik posbonlarining e’tiborini tortdi. Katta serjant Z.Ahmedov va uning hamkasb­lari terrorchilarni qo‘lga olish choralarini ko‘rishdi. Ammo kutilmaganda kuchli portlash yuz berdi. Zoitbek va uning bir hamkasbi manfur kimsalar bilan kurashda mardlarcha halok bo‘ldi. Umuman olganda, sobiq ittifoq davri, o‘tgan asrning 60–80 yillari ichki ishlar organlari xodimlari uchun tinch- osoyishta kechdi, deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, mustaqillik arafasida va istiqlolning dastlabki yillari­da uyushgan jinoyatchilikning turli ko‘rinishlari avj olganini katta avlod vakillari yaxshi eslaydi. O‘sha davrlarda jinoyatchilikni jilovlash, jinoyat olami obro‘dorlari va ularning hamtovoqlariga qarshi kurash chog‘ida huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘p bor o‘limga tik borishdi.
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily