2-mavzu
XALQ VA ARMIYA – BIR TANU BIR JONDIR!
Bahodir MIRZARAXIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti boshlig‘i, general-mayor.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligini keng nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tarix sahnida o‘ttiz yil unchalik ko‘p vaqtni anglatmas, balki, lekin uning ortida og‘ir va sinovli yillarda bir davlatning o‘z milliy armiyasi tashkil topishi, takomillashuvi va yurt sarhadlarini ishonchli himoya qilayotgan qudratli Qurolli Kuchlariga aylanishidek vaqt mujassam.
So‘nggi yillarda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi, harbiy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshi¬rilmoqda. Armiyani ixcham, zamonaviy qurol-aslahalarga ega professional qo‘shinlarga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berib, O‘zbekiston mudofaa tizimi xalqaro miqyosda yetakchilar qatoridan joy olmoqda. Xususan, «Globalfirepower» tuzgan yangi rey¬tingga ko‘ra, dunyoning eng kuchli armiyalari qatorida O‘zbekiston 51-o‘rinni egallab, 2020-yilgi natijasini bir pog‘ona yaxshilashga erishgan, Markaziy Osiyoda esa eng kuchli deb e’tirof etilgan. O‘zbekiston harbiylari erishayotgan yutuqlar ham maqtansa arzigulik. «ArMI-2021»: VII xalqaro armiya o‘yinlarida vakillarimiz 2-o‘rinni egalladi. Musobaqa davomida O‘zbekiston harbiylari 10 ta rekord natijani qayd etishdi.
Bularning hammasi Milliy armiyamizga bo‘lgan e’tibor, uni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hosilasidir.
Ilgari armiya alohida, xalq alohida bir dunyo edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev «Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon!» degan muhim g‘oyani ilgari surdi va vaziyat tubdan o‘zgardi. Harbiy qismlar eshiklari xalq uchun, bo‘lajak Vatan posbonlari – yoshlar uchun ochildi. Istiqlol g‘oyalariga sadoqatli, vatanparvar harbiy kadrlarning yangi avlodini yetishtirish bosh maqsad etib belgilandi. Askar va ofitserlarning zamonaviy bilim olishi, harbiy texnika va texnologiyalarni mukammal egallashiga katta e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Armiya faqat qurol va aslaha bilan kuchli hisoblanmaydi, balki ona Vatan uchun jonini ayamaydigan harbiylar – askar va ofitserlar, generallar bilan qudratlidir. Sohibqiron Amir Temur «Askarlari botir el qudratli bo‘lur», deganida aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan bo‘lsa, ajab emas.
Bugun mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasi asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va intellektual tayyorgarligini yuksaltirish bo‘yicha ijobiy ishlar qilinmoqda. Harbiy qism va bo‘linmalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy poligonlarda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Harbiylarni ijtimoiy himoya qilish, ularni uy-joy bilan ta’minlash, oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Mamlakat mudofaasini tashkil qilishda Qurolli Kuchlarimizning ajralmas qismi hisoblangan Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi harbiy tuzilmalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, nisbatan katta shaxsiy tarkibga ega, mamlakatdagi muhim ob’ekt¬lar xavfsizligi ishonib topshirilgan Qorovul hamda Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash qo‘shinlari ana shunday harbiy tuzilmalar sirasidandir.
Mazkur tuzilmalarda so‘nggi yillarda ko‘plab islohotlar o‘tkazildi. Harbiy tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish, shaxsiy tarkibni etuk salohiyatli kadrlar bilan jamlash maqsadida Qurolli Kuchlar Akademiyasida Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlarini tayyorlash kafedrasi tashkil etildi. Hozirda bu erda tahsil olayotgan bo‘lajak ofitserlar qo‘shinlar uchun malakali mutaxassislar bo‘lib yetishadi.
Ayni paytda Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash qo‘shinlari respublikamizning barcha xalqaro aeroportlarida jamoat tartibini saqlab, xavfsiz¬likni ta’minlab, fuqarolarning huquq va erkinliklarini turli qo‘paruvchilik xatarlari, jinoiy hamda boshqa noqonuniy tajovuzlardan himoya qilib kelmoqda.