View in Telegram
#book_review Haruki Murakami – zamonaviy adabiyotning o‘ziga xos, ajralib turuvchi ovozlaridan biri bo‘lib, uning asarlari shaxsan menga o'zgacha nafas beradi. "Murvatli qush" (“The Wind-Up Bird Chronicle”) asari esa boshqa asarlariga qaraganda butkul o'zga dunyo. Bu roman bir vaqtning o‘zida mistik, falsafiy, tarixiy voqealarga boy va chuqur insoniy tajribalar bilan boyitilgan bo‘lib, unda Murakamiga xos g‘aroyiblik va hayotning ko‘rinmas qatlamlari aks etadi. Ushbu asarda biz turli yig'malarni ko'ramiz : Okadaga xatlar (epistolyar yo'nalish), gazeta-jurnallarda maqolalar (sirli villa, Okadaning qaynakasi haqida), insonlarning kechinmalari, shaxsiy hikoyalari. Asar shunchaki bir qahramonning kundalik hayoti bilan boshlanadi. O'qib boshlaganingizda bari oddiydek ko'rinadi - sizu menga o'xshagan oddiy bir inson spagetti pishirishga urinayotgani, uy yumushlarini qilishh kabi. Biroq, ana shu odatiy hayotiga mistika qadam bosadi: sirli qo'ng'iroqlar, mushugining g'oyib bo'lishi. Asar o'zida Ikkinchi jahon urushi davri hamda hozirgi Yaponiyani jam qiladi. Bu safar biz Ikkinchi jahon urushini mutlaq boshqa tomondan ko'ra olamiz. Hayvonot bog'i, urush fonida hayvonlarning ayanchli taqdiri, yaponlarning rusning sovuq o'lkalarida mavjud shaxtalarda jon bergani bizni urush foniga olib ketadi. Asar bosh qahramoni Okada bu dunyoda o'zini ruhan izlayotgan, hayotdan ma'no qidirayotgan inson. Hatto bu uchun u doimiy ishidan ham ketgan. Uning hayoti chetdan qaraganda orzudagi hayotga juda o'xshaydi - ishga bormaydi, kitob o'qiydi, musiqa tinglaydi, o'zini izlaydi, sayr qiladi. Ammo, yuqorida aytganimdek mushugining yo'qolishi osuda hayotiga quyundek kelgusidagi barcha voqealarga debocha bo'ladi. Asar turli ramzlarga boy bo'lib eng asosiysi qush va quduqdir. Shaxsan o'zimga eng qiziq bo'lgan ramz ham quduq, deb ayta olaman. Quduqni Murakami avlodlar tajribasi, shaxsiy izlanish, ruhiy holatni anglash bilan ramzlaydi. Katta ehtimol bilan bizning Haruki Murakami quduqda bo'lgan bo'lsa ham ajablanmayman. Chunki uning tasvirlari aniq va tiniq quduqda bir necha kunini o'tkazgan insonning hislari va so'zlarini ifodalaydi. Quduq atmosferasi, qorong'ulik, hidi, aynan quduqda keladigan o'y-xayollarni bu darajada mahorat bilan tasvirlashiga sabab ham Murakami aniq quduqda yashab ko'rgan bo'lsa kerak. Rosti Murakamining kitoblaridagi umumiylik musiqa, kitoblar, sokinlik, ruhiy izlanish, qorong'ulik, deya olaman. Hayronman u g'aroyib bir qahramonlarni qayerdan topishi mumkin. Uning qahramonlari bir qarasangiz sizu men, ammo boshqa tomondan qarasangiz esa o'zgacha bir odamlar. Eng qizig'i esa men Murakamini doim qishda o'qir ekanman. Qiziq va atay bo'lmagan tasodif. Gapim yakunida aytmoqchimanki - o'qing. Murakami hech qachon kamlik qilmaydi. @mahinsworld
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily