#book_review
Pol Osterning
“Nyu-York trilogiyasi” zamonaviy adabiyotda o‘ziga xos o'rni bor, janrlar o‘rtasidagi chegaralarni hamda tushunchalarni qaysidir ma'noda olib tashlagan kitob. Ushbu trilogiya uchta alohida, ammo bir-biriga uzviy bog‘liq qissa —
“Shisha shahar”, “Sharpalar” va
“Qulflangan xona”dan iborat.
Osterning trilogiyasi klassik detektiv asarlardan farqli tarzda, sirlarni yuzaga chiqarish va ochishdan ko'ra, kitobxonni yanada chuqurroq savollarga g'arq qiladi. Asarning diqqat markazida voqealar rivoji emas, balki qahramonlarning ichki olami va ularning o‘z-o‘zini his qilish, bilishi turadi. Muallif murakkab, ko‘p qavatli syujet tuzilmasi orqali o‘quvchini real va surreal voqealar o‘rtasida sarson qiladi.
Osterning trilogiyasida takrorlanadigan asosiy mavzulardan biri shaxsning o‘zini anglash va identifikatsiya qilish masalasi. Qahramonlar ko‘pincha o‘z ismlarini, rollarini yoki hatto borliqlarini yo‘qotadi. Masalan, “Shisha shaharcha”da yozuvchi va detektiv o‘rtasidagi farq yo‘qolib, asosiy qahramon o‘zini bir nechta shaxsiy qiyofalarda his qiladi.
Muallif hikoya qilishning shakli va mazmuni mohirona tarzda chap qo'lida o'ynatadi. Asardagi metatekstual elementlar — hikoya ichidagi hikoyalar va muallifning bevosita o‘quvchi bilan dialogga kirishi — o'quvchini yanada o'ziga mixlab qo'yadi. Siz o'qir ekansiz, passiv o'quvchidan vaqealar ichiga tushib qolasiz va qahramonlar bilan birgalikda harakatlana boshlaysiz.
Asarni o'qib chiqqanimga bir necha oy bo'lganiga qaramay, hanuz review joylamagandim. Yuqorida kitobning ustunliklarini aytgan bo'lsam, endi kamchiliklariga to'xtalsam. Rosti o'zbek tilida o'qish juda qiyinchilik tug'dirdi. Balki Osterning atmosferasi, stili boshqayu tarjimada dabdabalik qo'shilgani, Pol Osterni avval ham o'z tilida o'qiganim uchun bo'lgandir. Kitobni tamomlaganimda - 2,3 ni kitoblarini rosti tushunish qiyinchilik tug'dirdi. Shu sabab boshqa tilda o'qishga majbur bo'ldim. Boshqa tilda esa xuddi oshnam bilan gaplashdek his qoldirdi va yaxshi tushundim. Asar ichidagi ko'zga ko'ringan xatolar haqida to'xtalishim shart emas, deb o'ylayman. Sababi sinchkovlik bilan o'qisangiz anglaysiz. 2-kitobida ba'zi qahramonlar va boshqa xatoliklar ham mavjud. Rosti kitoblarni kamchiligi haqida yozishni yoqtirmayman, agar tavsiya qilishni istamasam yoki juda xafsalam pir bo'lsa yozmay qo'ya qolaman. Kitob o'qishli va qiziq bo'lgani sababli yozishga qaror qildim.
@mahinsworld