View in Telegram
#Taqriz 📖 "Lolazor" romani haqida Oshnoga oshno taqdirlar “Lolazor” asarini oʻqib tugatdim va hali hamon uning ta'siridaman. Bilmayman, bu ta'sir meni qachongacha oʻz izmida ushlab turadi? Asar tili ravon, ammo oʻqilishi qiyin. U hamma asarlar kabi yengil va oson oʻqilmaydi. Chunki uning toshi ogʻir. Roman boshqa asarlarga taqlid qilmaydi, uning oʻziga xosligi ham shunda. Unda sevgi va ishq oʻyinlari ham asosiy planda emas. Balki bir umr bir-biriga oshnolik qilgan, “yonma-yon, ammo butkul tanholikda oʻtgan” ikki inson taqdiri, ular asnosida oʻnlab personajlar qismati, tabiati, ruhiyati orqali jamiyat va tuzumning inqirozi badiiy tahlil va talqin qilinadi. Oʻz oʻrnida qoʻllanilgan kinoya, piching, qochiriq, istehzoo, kesatiqlar romanga oʻziga xos goʻzallik baxsh etgan. Asar markazida respublikaning mas'ul rahbari Oshno hamda unga bir umr yoʻldoshlik qilgan, uning panohida jon saqlagan Nazar Yaxshiboyev turadi. Bu ikkisi ikki olam, ikki xarakter, ikki ruhiyat egasi. Birinchisi daraxt novdasidek moʻrt, guldek nozik. Qattiqroq shamol essa, sinib tushgudek. Siyosiy tuzum bor boʻyi bilan oʻz nogʻorasida oʻynata oladi. Ikkinchisi esa chapaniroq, chayirroq. Goʻyoki yantoqqa oʻxshaydi, boʻronga ham, jaziramaga ham dosh bera oladi. Har qanday vaziyatdan chiqib ketish yoʻlini topuvchi ustomon. Shunday boʻlishiga qaramay, novdadek moʻrt Oshnoning toleiga oshno. U topgan obroʻ-e'tibor, yaxshi-yomon kunlar, yoʻqotishlar, xato va adashishlar, achchiq saboqlar ana shu inson bilan bogʻliq. Ammo Nazar Yaxshiboyev “Oshnoni men yaratdim”, men boʻlmasam, Oshno ham boʻlmas edi deb oʻylaydi. Oʻzi tugʻilib oʻsgan qishlogʻini lolazorga aylantirmoqni istagan Oshno mansab otiga mingach, Bulduruq uchun bir ariq suv chiqarib berishga yaramadi. Yaxshiboyev masalani eslatganida odamlar nima deydi, ular bizni mahalliychilik qilyapti deb malomat qilmaydimi, deya qoʻrqdi. Asli qoʻrqoq edi Oshno. talabalik davrida ham, mansab egasi boʻlganda ham qoʻrqib yashadi. Oʻzining jon doʻstiga ham ishonmasdi. Uning ishonchsizligi “–Yoʻq, Nazar, – dedi Oshno titrab, qaqshab, – ikkovimiz bir kunda oʻlganimiz ma'qul. Oʻshanda sen menga magʻzava toʻkishga ulgurmaysan”, degan soʻzlaridan ham ma'lum.    Yaxshiboyevni yeyish, yutib yuborish anchayin mushkul. Uni chaynamoqchi boʻlgan insonning tishlari qamashadi, yutmoqchi boʻlganida esa tomogʻiga suyakdek tiqiladi va hech qachon hazm boʻlmaydi...    Yozuvchi romaniga turgʻunlik muhiti ta'siriga tushib qolgan, aslida iste’dodli yozuvchi boʻlgan Saidqul Mardonni ham qissanavis qilib olib kirgani ham asarning mukammal boʻlishini ta’minlagan. Sababi voqealarni faqat Nazar Yaxshiboyev nigohi bilan kuzatadigan boʻlsak, balki Oshno va Yaxshiboyevga oid hodisalar, boshqa odamlar haqidagi toʻla haqiqatga erisholmagan boʻlardik.    Tuzum qutqusiga uchmagan Saidqul Mardon Oshno va Yaxshiboyev toʻgʻrisidagi haqiqatlarni bayon qilar ekan, vaqti-vaqti bilan oʻz kechinmalari, hayoti, kechmishini ham hikoya qiladi. Va asarga toʻkislik beradi. Asardagi voqealar goh bemor, goh qissanavis tomonidan bayon etilishi asarga oʻziga xos bahs, tasvirga esa polifonik xususiyat, serjilo ma’no kasb etgan. "Lolazor" romani haqiqiy realistik asardir. Chunki muallif asardagi voqealarni, insonlarning taqdiri, ularning qingʻir ishlari-yu gunohlarini oʻsha davrdagi muhitdan ajralmagan holda, qalban his qilib, tushunib qalam tebratgan. Va roman shunisi bilan qimmatlidir.    Boshdan oyoq kinoyaga qurilgan asarni oʻqiy turib, Oshnoning taqdiriga oshnolik qilgan insonlardan shunday jirkanasanki, hatto oʻzim ham, balki, Yaxshiboyevdirman, deb oʻylab qolasan.    “Lolazor” romani haqida juda koʻp gapirish, bahs yuritish mumkin. Men bir oʻquvchi sifatida oʻz tushunchalarimni, taassurotlarimni bayon qilishni istadim, xolos. Oʻz vaqtida ikki taqdir egalariga juda, juda achindim. Shu xalqning bir a’zosi sifatida istardimki, Yaxshiboyev va Oshnoning taqdirini takrorlovchi insonlar zamonamizda boshqa uchramasin, Saidqul Mardon kabi ta’masiz insonlar, ijodkorlar koʻpaysin. © Gulzoda Safarova  https://t.center/lolazor_MMD
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily