Sirkdagi bo‘riOlov chambarakdan sakrab o‘tdi sher,
Ayiq velosiped minib qildi sayr.
Fil o‘mbaloq oshib gursilladi yer,
Faqat sen qolganding yovvoyi, g‘ayir,
Men uvlab yubordim qismating ko‘rib,
Qamchidan qo‘rqdingmi, sirkdagi bo‘ri?
Xotirdan faromush bo‘ldimi nasling?
Vahshiy erkparastlik bo‘ldimi unut?
Dunyo - sirk, sahnada bo‘rilar raqsi,
Nahot yashayapsan itlikka ko‘nib,
Sensiz quriydi-ku o‘rmonning sho‘ri,
Qullikka ko‘ndingmi, sirkdagi bo‘ri?
Qasos istab kezgan tunlaring qani?
E’tiqoding mayib qildimi tuzoq?
Dunyoni titratgan unlaring qani?
Sirkni gir aylanib g‘ingshiysan uzoq.
Jonzodlar qaysari, yirtqichlar o‘ri,
Tishlaring sindimi, sirkdagi bo‘ri?
Shoqollar gerdaydi makoning kezib,
Masxaraboz senga uzatadi qand.
Uning kekirdagin olmaysan uzib,
Zanjiringga sira bermaysanmi pand.
Tur-e, chorlayotir ajdoding qo‘ri,
Kurashlar tindimi, sirkdagi bo‘ri?
... millating turkiymi, sirkdagi bo‘ri?
©Suhrob Ziyo
Bugun sirkda bo‘ri tomosha ko‘rsatdi. Tabiiyki, Suhrobning she'rini eslatdi.
@kumush_abdusalomova