View in Telegram
"Uyida chaksa uni yo'q, tom boshida qo'sh tandir" Ko'pchilikka yaxshi tanish "Mahallada duv-duv gap" filmida bu gapni aytgan Oyposhsha, balki ta'lim tizimini boshqaradigan sanoqsiz idodalar qilayotgan ishlarni ko'rib, balki fikrini sal boshqacharoq ifodalagan bo'lardi: "Byudjetida ulkan teshik-u, qo'sha-qo'sha dabdabali konferensiyalar". Mana o'zingiz baho berib ko'ring: 2024-yil 15-noyabr: "Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining 90 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Mahoratli o‘qituvchi – millat tayanchi: uzluksiz kasbiy rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o’z ishini boshladi. Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Andreas Shlyayxer, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratboy Sharipov, YUNESKO tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, Yunisefning O‘zbekistondagi vakili Regina Maria Kastillo ishtirok etmoqda". 2024-yil 8-noyabr: "Joriy yilning 5-noyabr kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Menejment va zamonaviy texnologiyalar universiteti (UMFT) bilan hamkorlikda “Yangi taraqqiyot bosqichida maktab ta’limini rivojlantirish strategiyalari: chaqiriqlar, muammolar, tadqiqotlar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi". 2024-yil 16-oktyabr: "Markaziy Osiyo Universitetlar forumining xorijiy tashkilotlar vakillari ishtirokidagi ochiq muloqot tadbiri boshlandi. Ayni vaqtda Yangi O‘zbekiston Universitetida Markaziy Osiyo Universitetlari Forumining muhim uchrashuvlaridan biri boshlandi. Unda Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy kabi nufuzli davlatlarda joylashgan va ta’lim rivoji uchun dunyo miqyosida ish olib borayotgan 60 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, shuningdek, yuzga yaqin xorijiy oliygohlar hamda yurtimizdagi qator oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etmoqda". Har ikki haftada bir dabdabali tadbir, konferensiya, unga kazo-kazolar chaqirilgan. Qizig'i, bu "konferensiyabozlik" yil oxiriga yaqin qolganda avj olmoqda. Yil oxirida esa parlament, odatdagidek, byudjetdagi o'zgarishlarni, oshirilgan sarf-xarajatlarni indamay tasdiqlab beradi. "Hey, har ikki haftada "xalqaro konfernsiya"ga balo bormi, juda zaril bo'lsa, shu konferensiyalarni hammasini bitta qilib o'tkazsa bo'lmaydimi?" deydigan odam yo'q. Va eng achinarlisi - bu konferensiyalarda aqlli gaplar aytiladi, lekin bu gaplarning zarracha foydasi yo'q. Vazirlik baribir o'sha gaplarning teskarisini qiladi. Masalan, vazirlikning o'zi konferensiyaga taklif qilgan eksperti "yaxshi xorijiy til oʻqituvchisi degani - "til egasi" ("native speaker") degani emas", deb turibdi, keyingi yil byudjetida esa "xorijiy o'qituvchilarni jalb qilish" xarajatlari oshirilyapti. Yoki bugun konferensiyaga taklif etilgan Shlyayxerning "World Class: How to Build a 21st-Century School System" kitobini varaqlab ko'ring - vazirlik olib borayotgan siyosat bu kitobda berilgan tavsiyalarga (masalan, ta'limda tengsizlikning oldini olish, o'quvchilarni erta yoshdan "iqtidorli"-"iqtidorsiz"ga ajratmaslik va hokazo) g'irt teskari. Vazirlikdagilarga savol: Baribir bilganlaringizni qiladigan bo'lsalaringiz, konferensiyalarda aytilgan aqlli gaplar-u tavsiyalarning teskarisi qilinadigan bo'lsa, o'zi shundoq ham byudjet "bir ahvol" bo'lib yotgan paytda bunday tadbirlardan nima naf? Shunchaki PR uchunmi? Yoki ... ?
Telegram Center
Telegram Center
Channel