View in Telegram
Fin saboqlari Ta'lim bo'yicha mutaxassis, Melburn universiteti professori Pasi Sahlberg "Fin saboqlari 3.0" kitobida o'zining qiziq bir kuzatuvi haqida fikr yuritadi. Muallifning qayd etishicha, PISAda yuqori natijalar qayd etayotgan davlatlar (Singapur, Honkong, Yaponiya, Janubiy Koreya, shuningdek, muallifning vatani - Finlyandiya ham) pedagogika, metodika va o'quvchilarni baholash sohasida o'zlari "innovatsiya" o'ylab topmagan. Bu davlatlarda o'quv dasturlarini yaratish, o'quvchilarni o'qitish va baholashga bo'lgan yondashuvlar ildizi asosan G'arb olimlari XX asrda ilgari surgan pedagogik nazariyalar va yondashuvlarga borib taqaladi. Xususan, muallif Finlyandiyaning ta'limdagi muvaffaqiyatlarida muhim rol o'ynagan pedagogik g'oyalar va yondashuvlar sifatida quyidagilarni sanaydi: - konsruktivizm nazariyasi va Jon Dyuining (John Dewey) pedagogik qarashlari; - hamkorlikda o'rganish (cooperative learning) yondashuvi; - o'quvchilarning turli sohalarda qobiliyatini namoyon qilishi haqidagi qarashlar, xususan, Gardnerning "Turfa zakovatlar" ("Multiple intelligences") nazariyasi; - baholashning standartlashtirilgan testlarga asoslanmagan, muqobil usullari (masalan, portfioli, amaliy topshiriqlar, o'z-o'zini baholash); - o'qituvchilarning o'zaro yordami va bir-biridan o'rganishi (peer coaching) haqidagi g'oyalar, xususan, Brus Joys (Bruce Joyce) qarashlari. Nazarimda, bu fikr ham oldinroq yozganimni tasdiqlaydi: "fin tizimi" yoki "Singapur tizimi" deb u yoki bu davlat darsliklatini ko'chirib (tarjima qilib) qaytadan chop qilish uchun trillionlarni sarflash samara bermaydi. Chunki qandaydir mo'jizaviy "fin metodikasi" yoki "Singapur metodikasi" yo'q: ularning darsliklari ham XX asrda G'arb (asosan AQSH va Yevropa) olimlari ishlab chiqqan va pedagogikada tan olingan nazariy tamoyillar va ular asosidagi amaliy yondashuvlarga asoslanadi. Masalan, fin yoki Singapur darsligini ko'chirganimiz bilan uning tagida qanday pedagogik nazariya yotganini tushunmasak, u darslikdan hech qanday samara chiqmaydi. Bu esa - pedagoglarni tayyorlash va malaka oshirish tizimida o'qitiladigan fanlar mazmunini ham tubdan qayta ko'rib chiqishni taqozo qiladi. Bizdagi pedagogika va metodika darsliklari ham, darslari ham aksar hollarda o'rganish jarayoni qanday sodir bo'lishi, uning ilmiy asoslari, uning samarasini ta'minlovchi omilar haqida tasavvur bermaydi.
Telegram Center
Telegram Center
Channel