View in Telegram
Fin saboqlari Xabaringiz bor, ikki yilcha burun "fin ta'lim tizimi" haqida ko'p va xo'p gapirildi. Prezident administratsiyasining O‘zbekistonda Finlyandiya ta’lim tizimini joriy etishga mas’ul hisoblangan amaldorlari "ta’lim sohasida velosiped ixtiro qilmaslik, eng ilg‘or — Finlyandiya tizimini — shartta olib, o‘zimizga adaptatsiya qilish" kerakligini aytib chiqishdi. Xalq ta'limi (hozirgi Maktabgacha va maktab ta'limi) vazirligi "Finlyandiya zamonaviy darsliklarining aprobatsiyasida 4 mingdan ziyod o'qituvchi ishtirok etishini" e'lon qildi. "Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini Finlyandiya tajribasi asosidagi yangi avlod darsliklari bilan ta’minlash"ga 1,3 trln so'm ajratildi. Bir xususiy nashriyot tomonidan chiqarilgan bu darsliklarning sifati haqida ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalar ham, mutaxassislar ham, faollar ham ancha "iliq" fikrlar bildirishdi, vazirlik esa "og'ziga tolqon solib oldi". Bularni nima uchun eslayapman? Ta'lim bo'yicha mutaxassis, o'z faoliyatini Helsinkida o'qituvchilikdan boshlagan, keyinchalik Finlyandiya ta'lim va madaniyat vazirligida, Jahon Bankida, Harvard Universitetida va Melburn Universitetida davom ettirgan Pasi Sahlberg o'zining "Fin saboqlari 3.0" kitobida Finlyandiyaning PISAdagi 2000-yillar boshida PISAdagi olamshumul muvaffaqiyati sabablarini tahlil qilar ekan, bu muvaffaqiyatni, shu jumladan, 1970-1980-yillarda amalga oshirilgan islohotlar bilan bog'laydi. Ikkinchi jahon urushidan Finlyandiya jiddiy talofatlar bilan chiqadi: 150 ming aholi urushda halok bo'lgan va jarohatlangan, mamlakat hududining qariyb 12% qo'shnisi SSSRga o'tgan, YAIMning 7% kontributsiya sifatida to'lanishi kerak. Finlar ta'limni mamlakatni o'zgartirish, iktimoiy va iqtisodiy rivojlanishning asosiy drayverlaridan biri sifatida ko'rishni boshlashadi va ta'lim tizimi qanday bo'lishi kerakligi to'g'risida qizg'in bahslar kechadi. Ta'limni isloh qilish maqsadida bir qancha komitetlar tuziladi, bu komitetlar ilmiy tahlillar asosida islohotlar rejasini taklif qiladi. 1960-1970-yillarda ta'limda tenglik va ijtimoiy adolat masalalari ko'tariladi. "Hamma hamma narsani o'rgana olmaydi, o'quvchilarni qobiliyatiga qarab o'qitish kerak" degan g'oyadan voz kechishga chaqiriqlar yangraydi. O'zgarishlar tarafdorlari "agar biz rivojlangan jamiyatlar qatoridan joy olmoqchi bo'lsak, hamma bolalar sifatli ta'lim olishi uchun investitsiya kiritishimiz kerak" degan fikrni ilgari surishadi. Darhaqiqat, o'sha paytdagi fin ta'lim tizimida turli qobiliyatga ega deb ishoniladigan o'quvchilar uchun turli xil maktablar bor edi: "iqtidorli" deb ko'rilganlar uchun "grammatika maktablari" va gimnaziyalar, "bundayroq" o'quvchilar uchun "fuqaroviy (civic) maktablar" va hokazo (1-grafikka qarang). 1972-yilda boshlangan islohot natijasida "peruskoulu" ("umumiy maktab" - "comprehensive school") tizimi yaratiladi. Bu - hamma o'quvchilar ta'lim oladigan 9 yillik umumiy maktab. Hamma o'quvchilar bir xil sharoitda, yagona Milliy o'quv dasturi asosida ta'lim olishadi. 9-sinfdan keyin yoki akademik yo'nalishdagi maktabni, yoki kasb-hunar yo'nalishidagi maktabni tanlash imkoni beriladi. (2-grafikka qarang) Har ikki yo'nalishdan keyin ham oliy ta'limga kirish huquqi beriladi. (O'zimizning oldingi "9+3" tizimini eslang). Kitob muallifining yozishicha, aynan "peruskoulu" - o'quvchilarni "iqtidorli" va "iqtidorsiz"ga ajratmasdan, "seleksiya" qilmasdan, bir xil sharoitda, bir xil standartlar asosida o'qitish keyinchalik ta'limda "fin mo'jizasi" deya e'tirof etilgan yutuqlarga erishish imkonini bergan islohotlardan biri edi. To'g'ri, oxirgi PISA tadqiqotlarida Finlyandiya natijalari birmuncha pasaydi, Osiyo davlatlari, xususan, Singapur yuqori o'rinlarga chiqib oldi (vazirligimiz darrov "Singapuromaniya" davrini boshladi - Singapurning bir xususiy nashriyoti darsliklarini tarjima qilib, chop qilishni o'sha ko'pchiligimiz tanib qolgan bir xususiy nashriyotga "ishonib" topshirdi), biroq Finlyandiya o'quvchilarining natijalari hali ham ancha yuqori va fin ta'lim tizimi o'zining barqarorligini va sifatli ekanligini isbotlab kelmoqda. (Davomi quyida)
Telegram Center
Telegram Center
Channel