View in Telegram
"Iqtidorli" deb hisoblanganlarga - hamma narsa, "iqtidorsiz"larga - kulchaning teshigi? O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori matni e'lon qilindi. Hujjatga ko'ra, "qobiliyatli hamda fanlarni chuqur o'rganishga qiziqadigan yoshlarni aniqlash va seleksiya qilish, ulardagi iqtidorni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish" maqsadida Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi huzurida (!) Fan olimpiadalari markazi tuziladi. Markaz "tanlab olingan" o'quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash uchun trenerlar jamoasi tuzadi, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qiladi, o'quvchilarni olimpiadalarga tayyorlash uchun o'quv adabiyotlari ishlab chiqadi, "iqtidorli" sifatida saralangan ("seleksiya qilingan") yoshlar uchun intellektual oromgohlar tashkil qiladi. Markazda zamonaviy asbob-uskunalar va xom-ashyolar bilan to'liq jihozlangan laboratoriya tashkil qilinadi. Qiziq, ushbu hujjatni hukumat (vazirlik) "iqtidorli" deb hisoblagan o'quvchilarga hamma sharoitlarni yaratib, "iqtidorsiz" deb hisoblangan "massa"ni o'z holiga tashlab qo'yish siyosatining davomi sifatida qabul qilish mumkinmi? Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining O'zbekiston maktablaridagi infratuzilma va ta'lim sifatiga ta'sir etuvchi omillarga bag'ishlangan (aslida, umumta’lim tizimiga sarflanayotgan davlat budjeti xarajatlari nomutanosib taqsimlanganini qayd etgan) hisobotiga ko'ra, maktablarning 5dan 1 qismi kapital ta'mirga muhtoj yoki yaroqsiz ahvolda, 70% maktabda esa hatto kanalizatsiya yo'q. Hisobotda necha foiz maktablarda fizika, kimyo yoki boshqa fanlar laboratoriyalari borligi qayd etilmagan, biroq oddiy hojatxonasi yoki kanalizatsiyasi yo'q maktablarda laboratoriya bo'lishini tasavvur qilish qiyin. Tushunishimcha, Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligining Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligidan (oldingi - Prezident ta'lim muassasalari agentligidan) kelgan hozirgi rahbariyati o'quvchilarni "iqtidorli" va "iqtidorsiz"larga ajratish ("seleksiya qilish"), "iqtidorli" deb hisoblanganlarga hamma sharoitlarni muhayyo qilib, "iqtidorsiz" deb hisoblanganlarga "kulchaning teshigi"ni ravo ko'rishni normal holat deb biladi. Nafaqat normal holat deb biladi, balki davlat ta'lim siyosatini shu asosda qurmoqchiga o'xshaydi. Faqat yangilangan Konstitutsiyaning birinchi moddasida e'lon qilingan "ijtimoiy" davlat" tamoyillariga bunday deb yondashuv qay darajada mos keladi, bilmadim. Har qalay, ijtimoiy davlatlarda "seleksiya" yoki o'quvchilarni "iqtidorli" va "iqtidorsiz"larga ajratish emas, har bir o'quvchini o'ziga xos iqtidor egasi sifatida ko'rib, unga o'z qobiliyatlarini ro'yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar yaratish ta'limning maqsadi sifatida ko'riladi, shekilli?
Telegram Center
Telegram Center
Channel