Haqning yana bir xususiyati shuki, u birovlarning ko'magiga muhtoj emas, har dam o'z oyog'ida turaveradi. Botil esa tirgaksiz bir kun ham yashay olmaydi.
Haqiqatni bezash, tanitish, targ'ib qilish, e'lon etish shart emas, uning turishi o'zi quvvat, go'zallik va dovrug'dir. Uni tirik qalb, uyg'oq vijdon darhol taniydi. Yolg'on bulutlari uni ko'zlardan to'sishga har chand urinmasin, haqning quyoshi porlagan zamon botil yo'q bo'lib, yana hamma haq tomon talpinaveradi.
Hozirda dunyoning bir chekkasida kechayotgan hodisalarning butun insoniyat e'tiborini o'ziga tortishi ham aynan haqiqat bo'lganidandir. Bugun dunyo yolg'onga to'lib-toshganidan insonlar haqiqatga shunchalar tashna bo'lib ketibdiki, birov ozgina to'g'ri so'z aytsa, behos hamma unga intilmoqda. Mana shuning o'zi ham bu olamni yaratgan Zot borligini va Uning irodasi barcha xohishlardandan g'olib eknini ko'rsatadi. Baxt esa dunyoda haqni topish va haq tarafida bo'lishdir.
Ulamolar aytadilarki, kim yolg'onni g'olib bo'ladi deb ishonsa, u Alloh taolo haqida yomon gumon qilgan bo'ladi. Bu esa iymonga xatardir. Zotan Alloh O'zi yaratgan bu ko'hna dunyoda hamisha haqni g'olib qilishni bitib qo'ygan va bu Uning biru borligini anglatuvchi belgilardan biri hisoblanadi. Zotan, haq Haqdan darakdir.
Hasanxon Yahyoxon Abdulmajid
🎯 @ilm_duri