View in Telegram
#Maqola MA'UNAT SO'NGGI NUQTADA BO'LADI Alloh taoloning dunyodagi qonuninyatlaridan biri shuki, dunyoni sababiyat ustiga qurgani uchun bandalarning avvalo ushbu sabablarni ishga solishlarini talab qiladi. Biroq, sabablardan tashqari ishlar ham bo'lib, bular Allohning ma'unati, ya'ni yordami va karomatidir. Sababiyat qonunida mo'minu kofir barobar, ammo ma'unat va karomat mo'minga xosdir. Biroq, bu imtiyoz muyassar bo'lishi uchun mo'min avvalo o'z imkoniyatidagi barcha sabablarni bor kuchi bilan ishga solishi kerak. Bunda dunyoda mavjud sabablarning hammasini topish shart emas, muhimi o'z qudratidagi barcha sababni ishlatishidir. Ana shunda mo'min ilohiy ma'unatga haqli bo'ladi va yetishadi. Buni ayrim misollar bilan tushuntirish mumkin. Masalan, hammamizga kerak bo'lgan vaqtdagi baraka. Kishi vaqtni tejash uchun kerakli harakatni qilmay turib vaqtiga baraka so'rasa, uning duosi ijobat topmaydi. Ammo vaqtni tejashga zarur bo'lgan choralarni ko'rgan mo'min kishining vaqtiga shunday baraka beriladiki, u bir barobar tejagan bo'lsa, Alloh taolo uning ishiga besh-o'n barobar natija ato etadi va hatto karomatga, ya'ni favqulotda muvaffaqiyatga noil etadi. Bunga tarixdan misollar ham ko'p. Muso alahissalom qavmi bilan oldida dengiz, ortida dushman turgan bir paytda “Alloh men bilandir”, dedilar. Shunda dengizdan yo'l ochilib, Fir'avn va uning to'dasidan najot topishdi. Iyso alahissalomni yahudiylar barcha tarafdan qurshab olib, bostirib kirishganda Alloh taolo u kishini osmonga ko'tardi. Muhammad alayhissalomning uylarini Makkaning yonlanma qotillari to'liq o'rab oldi. U zot barcha ehtiyot choralarini ko'rib, hatto dushmanlarni chalg'itish uchun yosh yigit Aliy roziyallohu anhuni o'rinlariga yotqazdilar. Biroq, uydan chiqsalar, qo'lga tushadigan vaziyat, tashqarida dushmanlar poylab o'tiribdi. Shunda ishni Allohga topshirib, eshikdan yurib chiqib keldilar. Uyni qurshab olgan bir to'da odamdan birortasi u zotni ko'rmadi. Chorasizlarning chorasozi bo'lgan Zot dushmanlarning ko'zlariga parda tortgan edi. Ahzob urushida musulmonlar o'zlariga nisabatan o'n barobar kuchli va o'n barobar ko'p dushmanga qarshi himoyada turishdi. Bir oy davom etgan bu urushda kerakli barcha choralar ko'rildi. Kutilmaganda Banu Qurayza yahudiylari ahdni buzib, hujumga shaylandi. Odamlar halokat yoqasiga keldi, yuraklar bo'g'izlarga tiqildi. Oldi tarafdan kelgan dushmanlarga chora topishgan edi, orqadan kelayotgan hujumdan esa himoyalanish imkoni yo'q edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taologa yolvorib duo qildilar. Shu kecha qattiq shamol turib, dushmanni ag'dar-to'ntar qilib tashladi va ular shumshaygancha ortga qaytishdi. Mazur holatlarning barchasida musulmonlar avvalo barcha choralarni ko'rishgan va qolganiga Allohdan madad so'rashgan. Imkoniyatlari tugab, ish so'ngi nuqtaga yetganda, ularni Alloh taoloning O'zi qo'ridi. Ishning bu darajagacha yetishi esa mo'minu kofir uchun bir imtihon bo'ldi.Ushbu qonuniyat shaxsiy turmushga ham, ijtimoiy hayotga ham barobar tegishlidir. Binobarin, bugun biz avvalo shaxsiy hayotimizni tuzatishimiz, shu bilan birga, jamiyatni isloh qilishga ham imkon qadar harakatda bo'lishimiz, qudratimiz yetganicha yaxshilik taratishimiz kerak. Har kim o'z vazifasida, o'z ta'siri doirasida qo'lidan kelganini qilib, ixlos bilan yaxshilikka intilgandagina qolgan imkoniyatlar ochiladi va qilingan mehnatga Alloh taolo ko'plab muvaffaqiyatlar ato etadi, kutilmagan natijalarni beradi. Mana shuni baraka deydi. Ammo hech qanday chora ko'rmay, yaxshilikka intilmay, kamiga aksincha ishlar qilib, g'aflatga botib, keyin duo qilish yoki yaxshi natija kutish o'ta katta xato, o'zini aldashdan boshqa narsa emas.
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily