🟥 Avtokreditlar, daromadlar va avtomobillar savdosi. O'zbekistonda avtomobil bozoridagi faollik holati
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan iqtisodiy faollik darajasini baholash va prognoz qilish uchun respublika
avtomobil bozoridagi faollik darajasi tahlil qilindi.
Tahlillarga ko'ra quyidagilar aniqlandi:
📉 2024-yilning III choragida O'zbekiston avtomobil bozorida faollik darajasi oshgan bo'lsa-da, 2023-yilgi darajasida emas. Xususan, joriy yilning iyul-sentyabr oylarida davlat ro'yxatidan o'tkazilgan avtomobillar soni
352,8 mingtani tashkil qilib, II chorakka nisbatan
76,8 mingtaga
(27,8 foizga) ko'paydi. Biroq, bu ko'rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan
19,9 foizga kam.
🔗 Tahlillar
tijorat banklari tomonidan ajratilgan avtokreditlar va
aholining tasarrufdagi daromadlari avtomobil bozoridagi faollik darajasiga ta'sir etuvchi muhim omillardan biri ekanligini ko'rsatdi. Xususan, 2021-yil yanvar oyidan 2024-yil sentyabr oyigacha bo'lgan davrda davlat ro'yxatidan o'tkazilgan avtomobillar soni va aholiga ajratilgan avtokreditlar hajmi o'rtasida (
korrelyatsiya koeffitsiyenti = 0,72), shuningdek aholi daromadlari va avtomobillar savdosi o'rtasida (
korrelyatsiya koeffitsiyenti = 0,42) mavjudligi aniqlandi
.
🏦 Joriy yilning dastlabki 9 oyida banklar tomonidan aholiga jami
12,8 trln. so‘m miqdorida avtokreditlar ajratilgan bo‘lib, 2023 yilning mos davriga nisbatan
2,4 barobarga kamaygan. Birgina III chorakda ajratilgan avtokreditlar II chorakka nisbatan
16,9 foizga va 2023-yilning mos davriga nisbatan
3,0 barobarga kamaygan.
📊 Tahlillarga ko'ra, ajratilgan kreditlarning o'sish sur'ati so'nggi 3 yildagi o'rtacha darajada saqlanib qolsa, yil oxiriga qadar har oyda o'rtacha
115,0-118,0 mingta avtomobil davlat ro'yxatidan o'tkazilishi kutilmoqda.
Ma'lumot uchun: 2023-yilning IV choragida har oyda o'rtacha 154,8 mingta avtomobillar oldi-sotdisi bo'yicha shartnoma imzolangan.
🚘 Avtokreditlarning sezilarli darajada kamayishi sharoitida, avtomobil korxonalari va dilerlar tomonidan ayrim avtomobillar savdolari uchun chegirmalarning kiritilishi (
“GM Uzbekistan”, “BYD”, “KIA”),
foizsiz muddatli to‘lovlarning joriy etilishi (
“GM Uzbekistan”, “BYD”, “Cherry”) bozorda o‘tgan yillar darajasidagi
talabni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar sifatida qaralishi mumkin.
📌 Tahlil jarayonida Ichki ishlar vazirligi Yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan avtomobillar soni hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining avtokreditlar bo'yicha ma'lumotlaridan foydalanildi.
Prognoz MIDAS (Mixed-data sampling) usulidan foydalangan holda EViews statistik dasturi orqali amalga oshirildi. MIDAS choraklik va oylik statistik ma'lumotlarni birlashtirish asosida baholash hamda prognoz qilish imkonini beradi.
Prognoz ko'rib chiqilayotgan modelning bir nechta regressiyalarini o'rtacha baholash asosida amalga oshirildi.