Toshkent shahridagi issiqlik elektr markazi va kogeneratsiya texnologiyalari faoliyati bilan tanishildi
Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar prokuraturasi mas’ullari tomonidan iste’molchilarni barqaror ravishda elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash choralari o‘rganildi. Xususan, Yakkasaroy tumanidagi Toshkent issiqlik elektr markazi hamda Olmazor tumanidagi yangi kogeneratsiya qurilmalarining ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishildi.
Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori A.Sattorov hamda Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i A.Nomanov boshchiligidagi ishchi guruhi poytaxtimizdagi bir qator energetika obyektlarining faoliyati bilan tanishib, ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash va eng avvalo, iste’molchilarni barqaror elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.
Jumladan, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent IEMda investitsiya loyihasi asosida ishga tushirilgan 32 MVtdan bo‘lgan ikkita gaz-turbina qurilmasining ishlab chiqarish jarayonlari va afzalliklari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Olmazor tumani “Shon-Shuhrat” mahallasi hududida 2024-yilning 13-dekabr sanasida “Congress Hall” majmuasida Prezidentimiz ishtirokida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida start berilgan kogeneratsiya texnologiyasining ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishildi.
O‘rganishlar davomida, yoqilg‘i zaxiralarini iqtisod qilish, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda elektr va issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash shuningdek, ishchi-xodimlarga qulay mehnat sharoitlarini yaratish va xodimlarning huquqiy manfaatlarini ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | Х | Veb-sayt