Yangi Suriya: ichki islohotlar va tashqi siyosiy muammolar o‘rtasidagi muvozanat
Anvar Qodirov, mustaqil tadqiqotchi
Bashar Asad rejimining ag‘darilishi va Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi vaqtinchalik hukumat hokimiyatga kelganidan so‘ng, Suriya ichki va tashqi siyosiy maydonlarda katta rejalarni namoyon qilmoqda. Biroq, taklif etilgan islohotlar mamlakat kelajagini belgilaydigan jiddiy qiyinchiliklar bilan birga kelmoqda.
Ichki ustuvorliklar: islohotlar va yarashuv
HTSh yetakchisi sifatida tanilgan Ahmad ash-Sharaa Yangi Suriyaning barqarorlikka intilishini ta’kidladi. Mamlakat endilikda terroristik tashkilotlari, jumladan «Al-Qoida» va «Islom davlati» uchun boshpana bo‘lmaydi. Buning o‘rniga davlat qurilishi, infratuzilmani tiklash va islohotlarga e’tibor qaratiladi. Misol uchun, maxsus agentlik bedarak yo‘qolganlarni qidirish, o‘lim haqidagi guvohnomalar berish va Asad rejimi qurbonlari oilalariga yordam berish bilan shug‘ullanmoqda.
Avvalgi rejimning, jumladan Sednaya qamoqxonalaridagi shafqatsizliklarni o‘rganish milliy yarashuv yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ash-Sharaa asosiy vazifa qasos emas, balki adolatli sud jarayonini ta’minlash ekanini qayd etdi, bu esa boshqaruvning yangi yondashuvini aks ettiradi.
Ayni vaqtda Yangi Suriya yagona bojxona tariflarini joriy qilib, iqtisodiyotni tartibga solishga intilmoqda. Biroq, Turkiyadan olib kiriladigan tovarlarga bojning 300% ga oshirilishi savdoning keskin pasayishiga olib keldi, avval $2 mlrdga teng bo‘lgan Turkiya eksporti deyarli to‘xtab qoldi. Bu qarama-qarshilik iqtisodiyotni tiklash rejalari oldida to‘siq bo‘lmoqda.
Tashqi siyosat: yangi ittifoqlar shakllanishi va eski aloqalardan voz kechish
1. Erondan uzoqlashish
Suriya eronlik jangarilar va instruktorlarni olib chiqib ketishni yakunladi, bu esa suverenitetni tiklashda muhim qadam bo‘ldi. Ash-Sharaa mazkur qadam “Shia yarim oyi” loyihasini o‘nlab yillar ortga qaytarib, Fors ko‘rfazi mintaqasida barqarorlikni ta’minlaganini ta’kidladi.
2. Turkiya bilan hamkorlik
Anqara Suriya qurolli kuchlarini mustahkamlash va terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurashda yordam taklif qildi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan hamkorlikka tayyorligini ta’kidlab, infratuzilmani tiklashda yordam berishini aytdi. Biroq, bojxona tariflari va Suriya Demokratik Kuchlari bilan bog‘liq tortishuvlar tufayli to‘liq tiklanish jarayoni sekin kechmoqda.
3. Xalqaro tahdidlar
Suriya va Turkiya o‘rtasida dengiz qonunchiligiga oid bitim imzolash rejasi Gretsiya va Kiprning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi.
Ekspertlar aytishicha, Ash-Sharaa tomonidan qilingan siyosiy bayonotlar islohotlar va milliy qurilish yo‘nalishidagi muhim o‘zgarishni anglatadi.
Biroq:
• Ichki islohotlar uzoq yillik urushlar sabab bo‘lgan iqtisodiy zaiflik va Suriya Demokratik Kuchlari kabi mintaqaviy guruhlar bilan ziddiyatlar tufayli qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
• Tashqi siyosatda Suriya suverenitetni tiklash va Turkiya kabi asosiy mintaqaviy o‘yinchilarni qo‘llab-quvvatlashni saqlab qolish o‘rtasida muvozanat saqlashi kerak.
Bu kontekstda eng muhimi shuki, islohotlarning katta qismi xalqaro yordamga bog‘liq bo’ladi. Turkiya TIV rahbari Fidan Anqaraning Suriyaga qarshi xalqaro sanksiyalarni bekor qilishga chaqirganini ochiq aytib, bu iqtisodiy o‘zgarishlarni yengillashtirishi mumkinligini ta’kidladi.
Savol: Yangi ma’muriyat bu qiyinchiliklarni yengib o‘tib, arab dunyosida barqarorlik namunasiga aylana oladimi? Islohotlar ichki va tashqi qarama-qarshiliklar qurboniga aylanadimi yoki amalga oshadimi?
@erontahlili