Turkiya va Eron munosabatlari: madaniy ekspansiya niqobidagi raqobatmi?
Mexroj Imomov, mustaqil tadqiqotchi
Turkiyada davlat televideniyesi tarkibida fors tilida efirga uzatiladigan yangi kanalning
ochilishi nafaqat media maydonida, balki mintaqaviy geosiyosatda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. TRT rahbari tomonidan “Eronni bezovta qilish maqsadida” ochilganini ta’kidlagan bu qadam Anqaraning an’anaviy madaniy almashinuv doirasidan tashqariga chiqayotgan chuqur strategik maqsadlarini aks ettiradi. Yaqin Sharqdagi keskin raqobat sharoitida bu tashabbus Turkiyaning o‘z geostrategik manfaatlarini ilgari surish uchun media vositalarini qanday qo‘llayotganini yaqqol namoyon etadi.
Mintaqaviy raqobat konteksti
Eron-Turkiya munosabatlari tarixi uzoq va murakkab bo‘lib, o‘zaro aloqalarning mashaqqatli yo‘lidan dalolat beradi. Otaturk tomonidan asos solingan Turkiyaning sekularizm tamoyillari va Erondagi Islom inqilobi mafkurasi orasidagi ideologik ziddiyat tomonlar o‘rtasida hal etilishi qiyin bo‘lgan muammolarni yuzaga keltirgan. Suriya inqirozi va Kavkazdagi keskinlik kabi mintaqaviy nizolar tomonlarning raqobatini yanada kuchaytirdi, bu Anqaraning Tehronga qarshi mediya faolligida yaqqol ko‘rinmoqda.
TRT tarkibida fors tilida efirga uzatiladigan kanalning yaratilishi Turkiyaning kengroq strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rilishi lozim. So‘nggi yillarda Anqara Erondagi etnik va madaniy guruhlar bilan faol ishlamoqda, bu esa
Eron tadqiqotlari instituti kabi ilmiy va ta’lim platformalari orqali amalga oshirilmoqda. Bu tashabbuslar Turkiyaning forsiy tilida so‘zlashuvchi auditoriya orasida o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilayotganini va mintaqaviy siyosatga o‘z qarashlarini singdirishga urinayotganini ko‘rsatadi.
Eron uchun tahdidlar
Eron uchun ushbu yangi telekanal ichki muammolarni yanada kuchaytiradigan tahdid sifatida qabul qilinmoqda. Turkiyaning media tuzilmalari tez-tez qo‘shni davlatni beqarorlashtirishga qaratilgan propaganda olib borishda ayblanadi. Eron ichki siyosati, iqtisodiyoti va madaniyatiga oid masalalarni chuqur o‘rganish orqali Turkiya Eronda alternativ qarashlarni shakllantirishga urinmoqda.
“Sharq” gazetasi Eronni milliy manfaatlarini himoya qilish uchun diplomatik va media vositalarini mustahkamlashga chaqirmoqda. Shu bilan birga, Tehronning bunday qadamlar qarshisida passivligi eronliklar orasida norozilikni oshirib, ikki tomonlama munosabatlarning yanada yomonlashishiga olib kelishi mumkin.
Hamkorlik yo‘llari yoki raqobatni davom ettirish?
Keskinlik ortayotganiga qaramay,
SENTO yoki Sa’dobod pakti kabi tashkilotlar doirasidagi hamkorlik tajribasi ikki davlat o‘rtasida yangi muloqot mexanizmlarini yaratish imkoniyatidan darak beradi. Global muammolar kuchayib borayotgan bir paytda Turkiya va Eron o‘z resurslarini kelishmovchiliklarni emas, balki rivojlanishni kuchaytirishga yo‘naltirishlari mumkin, deydi tahlilchilar.
Mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha kelishilgan yondashuvsiz raqobat tendensiyasining davom etishi ikki davlatning mintaqaviy strategik mavqeiga jiddiy zarar yetkazadi. Anqara va Tehron oldida diplomatiyami yoki qarama-qarshilikmi degan tanlov turibdi. Biroq, bu o‘yindagi “stavka”lar misli ko‘rilmagan darajada yuqori.
@erontahlili