Hukumatning tegishli qaroriga muvofiq 1-maydan boshlab Xalqaro imtihon tizimlarida yuqori ball to‘plagan yoshlarga xarajatlari to‘liq davlat tomonidan qoplab beriladigan boʻldi. Xoʻsh, bu tizim qanday muammolarni yechadi?
Birinchidan, asosan, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi yoshlar mablagʻ tufayli grant (scholarship) qidirishadi. Lekin test topshirishga va tavakkal qilishga puli boʻlmaydi. Endilikda IELTS, SAT, TOEFL, GMAT, GRE va yana 13 xildagi xalqaro imtihonlarda yuqori natija koʻrsatgan yoshlarning imtihon xarajati bilan bogʻliq muammolari boʻlmaydi. Uning oilasi, ota-onasi ham davlatning yordamini his qiladi.
Birgina IELTS xalqaro imtihonini O‘zbekistonda topshiruvchilar qayd etgan o‘rtacha natija – 5,7 ballni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 6,1 ballni tashkil etadi. Bu borada mamlakatimiz 34-o‘rinda turibdi. Yuqori natija ko'rsatgan yoshlarning imtihon xarajatlari davlat tomonidan to'lab berilar ekan, yoshlar yuqori natija uchun, ko'proq bilim olish uchun harakat qilishlari talab etiladi.
Ikkinchidan, bizda chet elga oʻqish yoki ishlash uchun ketadigan aholining ziyoli qatlami asosan shu xalqaro test tizimlari orqali ketadi. Endilikda bizda bu ziyoli qatlamning bazasi shakllanadi. Bu — davlat uchun oʻta muhim. Yaʼni iqtidorli va salohiyatli yoshlarning bazasi yaratiladi.
Uchinchidan, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi uchun yaxlit tizim. Aynan shu Xalqaro test tizimlarida yuqori ball olgan yoshlarni davlat saralab olib, xorijiy oliy taʼlim muassasalariga joʻnata oladi.
2018-2020-yillarda “El-yurt umidi” jamgʻarmasining stipendialari orqali xorijda ta'lim olish va stajirovka o'tash dasturlarining viloyatlar kesimidagi
statistikasiga ko'ra, jamg'armaning eng ko'p stipendiati Toshkent shahriga to'g'ri kelmoqda — 695 nafar. Eng kam ko'rsatgich esa Sirdaryo viloyatiga to'g'ri kelmoqda — 2 nafar. Bundan keyingi o'rinda Surxondaryo viloyati — 6 nafar. Bu ko'rsatgichlar viloyatlar kesimida qaralganda juda ham kam. Markazda ko'p, viloyatda esa kam. Bu tizim orqali barchaga teng imkon berilmoqda.
Toʻrtinchidan, davlatning kadrlar siyosati uchun zaxira kadrlar tizimimiz yaratiladi. Albatta, til biladigan, xalqaro imtihonlardan yuqori natija ko'rsatgan va xorijdagi nuzufli oliy ta'lim muassasalarida tahsil olgan minglab kadrlarni yetishtiramiz.
Beshinchidan, bu mexanizm — bilimli yoshlarni qo'llab-quvvatlash, chekka joydagi yoshlarning ham sifatli ta'lim olishiga, xorijning nufuzli ta'lim dargohlarida tahsil olishiga va albatta, davlatimiz uchun foydali kadr bo'lib yetishishiga keng yo'l ochadigan tizim bo'ladi.
Yoshlardan talab qilinayotgan narsa — intilish, harakat va bilim olish. Davlat bugun siz yoshlarga imkoniyatlar eshiklarini ochar ekan, kun kelib, albatta, davlatimizni yana-da yuksaltirishga o'z xissangizni qo'shishingiz lozim.
Belni mahkam bog'lang, yoshlar! Zamon sizniki, imkoniyatlar sizniki!
@alisher_sadullaev