Rahmat Bobojonning “Ro‘baro‘”si
Universitetda birinchi marta darsga kirayotgan guruhimda bir talaba yigit “Eski she’rlarimdan o‘qib beraman, ustoz” deb otboqarlar (quloqqa g‘alati eshitilarkan) haqidagi balladasini o‘qib berdi. Bir vaqtlar o‘zim ham she’rlar mashq qilib yurganim bois, qarshimda havaskor shoir yoki talaba emas, balki rosmana ijodkor turganini his qildim. Shundan keyin Rahmatjon bilan she’riyat, tarjima borasida ko‘p mulohaza almashdik.
Shu kunlarda “Izlam” loyihasida ko‘plab yosh ijodkorlar qatori Rahmat Bobojonning ham kitobi nashrdan chiqdi. Odatda, “ro‘baro‘” so‘zini qo‘llaganimizda, kim bilandir yuzma-yuz kelish, tasodifan uchrashish ma’nosini tushunamiz. Shoir esa his-tuyg‘ulari bilan, yana ham shoirona aytsak, o‘zi bilan ro‘baro‘ kelmoqda go‘yo. Fikrlarini, hayajonlarini saralamoqda. Dardlarga yuragini ochib bermoqda:
Tilga kirsang, ay chiltor, mangu
Yuragimga do‘st bo‘lsa har dod.
Xush kelibsan, muhtaram qayg‘u,
Xush kelibsan, buzruk iztirob!
Dardga to‘lgan yuraklardan dardli she’rlar tug‘iladi, o‘qirmanni o‘ziga jalb etadi. Shoir o‘z qayg‘ulariga she’r muxlislarini sherik qila oladi. Ma’lum ma’noda bu ham ular bilan ro‘baro‘, yuzma-yuz bo‘lish sifatida tushuniladi.
O‘zi bilan o‘zi ro‘baro‘ kelgan ijodkor o‘zligini anglash uchun taftishni boshlaydi:
Bir zumda oshiqman, gadoman, qulman,
Bir zumda to‘g‘riman, odil, rasoman,
Bir zumda osiyman, gumrohman, go‘lman,
Bir zumda dalliman, darbadar, xasta.
O‘zini anglash yo‘lida iztirob chekkan oshiq barcha dardlariga muhabbatni malham deb biladi, har doim unga nisbatan ehtiyojni his etadi. Bu holat misralarda juda go‘zal tarzda berilgan:
Bormi kelar yo‘lingdan belgi,
Bormi ketar yo‘lingdan bir iz?
Qaylardasan, so‘yla, ey sevgi,
Qaylardasan, so‘yla, Havvo qiz?
Yuqoridagi nashrning adabiyot ixlosmandlari uchun ahamiyati katta deb o‘ylayman.
Iroda ESHONXONOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat ona tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi, pedgogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori.