"Sir"
Jumanazar Yo‘ldosh
https://t.center/Akademnashr/4021
- Bilasizmi meni nima qiynayapti? O‘lim emas, xudbinlarcha o‘tkazgan o‘tmishim qayg‘uga soladi... ("Muharrir" hikoyasidan)
Jumanazar Yo‘ldosh Izlam turkumining ikkinchi faslida o‘qigan ilk hikoyanavisim bo‘ldi. Yozuvchi o‘zining quyuq o‘xshatmalari, sevgi va o‘lim arosati orasida qolgan jinslar taqdiri va yakuni tubdan burilib ketuvchi hikoyalari bilan yodimda qoldi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan hikoyalaridan nuktadon ruh, o‘limni erta anglash va erishilmagan sevgi iztiroblari yaqqol sezilib turadi.
Uning "Yomg‘irdan so‘ng", "Yeseninini sevgan qizi", "Kutganim-sen" kabi hikoyalarida sevgi mavzusi yetakchilik qilsa, "Ro‘yo", "Oppoq qor" singari yoziqlarida o‘lim, "Chag‘alaylar" bitigida esa o‘lim va sevgi orasidagi nozik hislar tasviri balq urib turadi. "Ma'sumning sevgisi" asari esa chinakam sevgining sadoqat o‘laroq chizilgan portreti desam mubolag‘a bo‘lmas.
Shaxsan menga tub burilish yuz bergan "Muharrir", tarixiy mavzu ochib berilgan "Namoyish", fusunkorligi bilan meni hayratlantirgan "Uy", yakuni ko‘zlarga yosh keltirguvchi "Sir", iztiroblar olamining bir parchasi bo‘lgan "Yesenini sevgan qizi", yana "Otam va o‘g‘lim" hikoyalari juda ham yoqdi va sevintirdi.
Asli yigirmaga yaqin hikoyalarning har biriga varaq-varaq revyu, taqriz yoki tanqid bitsa arzigulik. Biroq kitobxonlar Jumanazar Yo‘ldosh ijodi bilan yanada yaqin tanishishsin, yozuvchi ruhiy olamini his etishsin, ana undan keyin bafurja yana suhbatlashamiz. Barchaga yoqimli mutolaa tilab, hurmat va ehtirom ila S.N.K
https://t.center/santuagaraoflibrary/2936