📘 MohiRa, “Qirq birinchi kun”
https://t.center/Akademnashr/4012
Mohirani otasi haqidagi essesi bilan tanigandim, tan olgandim. "Qirq birinchi kun"idagi hikoyalari orqali u bilan yanada yaqindan tanishgandek bo‘ldim. Kitob "Ustoz va yosh muallif suhbati" bilan boshlanadi. Mohiraning ustoz Ibrohim G‘ofurovning hayot, adabiyot haqidagi savollariga bergan dadil javoblari bizga kitob davomida qanday hikoyalar kutib turgani haqida tasavvur bera oladi. Shuningdek, Mohira kitobini o‘zi kabi o‘zligini qidirayotganlarga bag‘ishlagan.
Kitob Mohiraning katta enasiga yozgan maktubi bilan boshlanib va u kelajakda orziqib kutayotgan qizi To‘marisga yozgan maktubi bilan tugagan. Yozuvchi mana shu ikki maktub orqali o‘z olamini to‘la ochib bergan. Bolaligidan uni nimalar tashvishga solgani, yuragiga azob bergani...
Qiziga yozgan maktubidan esa uning kelajak orzulari, rejalari, hayotdan va o‘zidan kutayotganlari anglashiladi. Mohira qiziga yozgan maktub so‘nggida "Yolg‘iz gunohim - ayolligim. Ayol bo‘lish hatto Xudo bergan tafakkurdan ham odamlarning ra'yiga qarab foydalanish demakdir" deydi. Niyat qildimki, qizlarim ulg‘ayganda ularga shu maktubni o‘qib beraman. Umuman har bir ona mana shu maktubni o‘qishi va qizlariga ham o‘qib berishi zarur bizning jamiyatda.
Mohiraning o‘zi yozganidek, uning qahramonlari siz-u bizga tanish odamlar. Atrofimiz hikoyalardagi kabi odamlar bilan to‘la. Agar kimdadir qanot paydo bo‘lsa, ya'ni u boshqalardan o‘zgacharoq bo‘lsa, yoki boshqalar kabi fikrlamasa uni jamiyat qabul qilmaydi. Hatto ota-onasi, eng yaqinlari ham.
Mohiraning qahramonlaridan biri Nozima shunday xulosaga keladi: "Suvni moviy rangda ifodalaysan. Qo‘lingga olib qarasang, unda bu rangdan asar ham yo‘q. Osmonni moviy deysan, aslida esa u shunchaki rangsiz. Olis yo‘qliklar ko‘zingga shunday ko‘rinadi. Moviy tog‘lar ham yo‘q, hammasi yolg‘on, soxta, aldamchi!". Hikoyalarda mana shunday hayratga soladigan tasvirlar ko‘p uchraydi.
Mohiraning hikoyalari fikrga chorlaydigan, zamonga, odamlarga ko‘zgu tutadigan hikoyalar. U odamlarni ich-ichdan tushunishni, his qilishni yaxshigina o‘zlashtirgan.
Mohirani oldinda bir yo‘l kutib turibdi. Unga mana shu yo‘ldan sobitqadam yurib borishini tilayman. Balki uning zimmasiga butun dunyoga o‘zbek ayol yozuvchisining nimalarga qodirligini anglatish yuklatilgandir.
Kumush Abdusalomova
https://t.center/kumush_abdusalomova/934