* * *
Uning qaytar vaqti boʻldi, yoronlar.
E.SHUKUR
Namxush noyabrning nihoyasida
Koʻlmaklar izingni sanashga tushdi.
Motamda sochini yulgan kampirday
Majnuntol boshidan roʻmoli uchdi.
Qaytar vaqting boʻldi, yorijon.
Hilolning yuzini toʻsdi bulutlar,
Mayogʻin yoʻqotgan xayolim daydir
Kimsasiz bogʻlarning qoʻynida shamol
Izgʻiydi qadimiy bir sirni aytib.
Qaytar vaqting boʻldi, yorijon.
Tun yarmi, bemahal qichqirdi xoʻroz,
Xudoyim, chirogʻim qolmasin oʻchib
Ming yillik musallas topgan mayxoʻrday
Darchadan tamshanib boqmoqda kecha.
Qaytar vaqting boʻldi, yorijon.
Gʻamboda tunlarda seni kutyapman,
Ey gʻamnok vatanning gʻamguzor qizi.
Qoʻrqib moʻralayman, tuman tushibdi,
Topa olarmisan qaytishga izni?..
Qaytar vaqting boʻldi, yorijon.
Sen ketgandan beri shundaydir hayot,
Sen yoʻq kunlarimda shunga qasd qildim.
Ne boʻlsa boʻlar deb, chiroq oʻchirib,
Qancha kechalarni ming bor mast qildim.
Qaytar vaqting boʻldi, yorijon.
Namxush noyabrday tugab boryapman,
Qahraton kelsa gar, nihoya tayin.
Sening ketganingni koʻrganman, yetar,
Sening kelmasliging koʻrib qolmayin.
Qaytar vaqting boʻldi, yorijon.
📘 Najmiddin Ermatov, “Turon sog'inchi”
@akademnashr