Shu kunlarda ziyolilarni tashvishga solayotgan masala yuzasidan. O'tgan yili ancha semiz bo'lgan smeta bu yil birdaniga ozib ketgani ko'pchilikni xafsalasini pir qildi. Loyiha atrofida ham turli yaxshi bo'lmagan fikrlar kezib yuribdi, Bu masalada loyigaga u yoki bu jihatdan aloqador turli odamlardan eshitganlarimni umumlashtirib, tahlil qilganimda g'alati manzada hosil bo'ldi.
Ha, aybdorni topish, qo'lni bigiz qilib, uni ko'rsatib yuborish juda oson. Loyihaga va loyihada asli nima bo'layotgani haqidagi surishtiruvlarim ham turli tomonlarning turli kishilarni aybdor qilib ko'rsatishi, hamma aybni bir kishiga yuklab qo'yishi bilan yakunlandi. Loyigaga aloqador bittasi "loyiha rahbari chatoq" degan bo'lsa, boshqa biri "loyiha rahbari sutdan ham oppoq farishta, parda ortidagi shaxs(lar) uning halolligi va prinspliligi sabab chiqishtirmayapti" deyapti. Kimga ishonamiz endi?
Xalqimizda bir bo'lmag'ur gap bor. "Ikkita qo'chqorning kallasi bir qozonda qaynamaydi". Mana shu maqolni o'zimizning qusurlarimizga bahona, iflosliklarimizga taskin sifatida ishlatamiz. Xasadimiz, ko'ra olmasligimiz natijasida o'zimizdek/dan aqlli, intellektli boshqa insonni pastga urish uchun vosita bo'ladi bu maqol. Aslida millatni, mamlakatni yuksaltirish uchun bir necha kallalar bir qozonda qaynay olishi kerak.
90-yillarning boshida juda ko'p shoir-yozuvchilar davlat xizmatiga olingan. (Ha, o'sha paytda mustaqillikka erishilishida bu insonlar yetarli jonbozlik ko'rsatgan va bunga haqli edilar). Keyin nima bo'ldi? Bu ziyolilar millatni, mamlakatni yuksaltirish o'rniga bir-birining tagiga suv quyishga o'tib ketishdi. Hammasi o'zicha aqlli edi, hech biri boshqa birovini tan olmas edi, barchasi uchun o'zidan boshqalar "tupoy" edi. So'ng sal teparoqdagilar ig'vo-tuxmat qilib, boshqalarini amaldan tushirishga kirishdi, "zapret"ga tiqdirdi, ovozini o'chirdi. Natijada 10-15 yilda bitta-yarimda ildizi baquvvatlashganidan tashqari hech qaysi ziyoli davlat amalida qolmagandi. So'nggi bir necha yil umrini "zapret"da o'tkazgan bir buyuk o'zbek shoiri amalda ekanligida boshqa bir o'ziga raqib deb bilgani qabuliga ichib kelganida (u odam ichib yurishini hamma bilgan, oddiy qabul qilgan, xalq shoirining ichishi oddiy erkalik deb tushunilgan), melisa chaqirib, 15 sutkaga tiqtirgani haqida sahih manbalardan ma'lumotlar mavjud.
Yuqorida aytilgan loyiha rahbarlari, loyiha atrofida ishlab yurganlarni ham sirtdan bilaman. Ularda ham shu "birlashmaslik", faqat o'zini hamma narsaga qodir aqlli deb bilish, o'zidan boshqalarni "tupoy"ga chiqarish odati borligi haqida eshitganman (ha, bu mish-mish, tepasida turmaganman, tutib olmaganman). Bu xususiyat borib-borib hech kimni mensimaslikka, burun ko'tarilishiga, kibrga, xasadga, fisq-fasod va ig'voga, oxirida esa ma'naviy tanazzulga yetaklaydi.
Tarix bizga dars bo'lishi lozim. Mustaqillikning ilk yillarida ziyolilar birlashib, xalq manfaati uchun harakat qilganlarida, hozir anchagina yaxshiroq jamiyatda yashagan bo'lardik. Iltimos, hurmatli ziyolilar, sal burningnizni tushiring, sizdek/dan aqllilar ham bor orangizda. Loyihada kelib chiqqan konflikt ham, chiqib ketgan gap-so'zlar ham siz tashqi omil deb hisoblasangiz-da, ayni o'z harakteringiz ortidan kelib chiqqan murosasizlik hosilasidir. Oynaga qarab, tan oling, kibringizni sindiring. Sizdan boshqalar ham aqlli, sizdan boshqalarda ham sizdagi qobiliyat va ko'nikmalar mavjud.
Necha yil deganda, nihoyat rahbariyat yana ziyolilarga sal teparoq chiqishga imkon berdi. Bu imkonni kibringiz va boshqalarni mensimasligingiz bilan ko'tingizga tiqmang. Boshqa kallalar bilan bir qozonda qaynasangiz biror joyingiz kamayib qolmaydi, balki bu kallalar birlashib, yanada yaxshiroq natijalar beradi.
Darvoqe, bu gaplar nafaqat loyiha atrofidagilarga, balki o'zini ziyoli deb biladigan (yoki ziyoli deb 10-15 kishi tan oladigan), biroq burnini tagini ko'ra olmay, o'zidan boshqalarni past ko'radiganlatga ham tegishli.