Qashqadaryo viloyati “Ko‘kbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan madaniy meros obyekti hisoblanmish “Langar ota” masjidida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi va Madaniy meros agentligi ko‘magida Chikago universiteti granti bilan moliyalishtirilgan restavratsiya ishlari boshlandi. Loyihada xalqaro ekspertlar, jumladan, Chikago universiteti professori Gil Stayn, italiyalik restavratorlar va O‘zbekiston San’atshunoslik instituti mutaxassislari ishtirok etadilar.
Muazzam yodgorlikning dastlabki qiyofasiga keltirish bilan bog‘liq ta’mirlash ishlari uch bosqichda amalga oshiriladi: tomni almashtirish, mayolika va bino old qismini tiklash hamda hovli va ustunlarni konservatsiya qilish. Loyihadan ko‘zlangan maqsad tarixiy obidaning betakror merosini kelajak avlodlar uchun bezavol yetkazishdan iborat.