O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerovaning Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuv sohasida ikki mamlakat merosini asrab-avaylash va ommalashtirishga qaratilgan mustahkam hamkorlikka urgʻu berildi. Arab dunyosi institutidagi “Samarqandga yoʻl” va Luvrda tashkil etilgan, Oʻzbekistonning boy merosini aks ettiruvchi noyob osori-atiqalardan iborat koʻrgazmalar fransuz jamoatchiligida ilk bor salmoqli qiziqish uygʻotgani buning yorqin dalilidir.
Tomonlar, shuningdek, madaniy merosni asrab-avaylashda muhim rol o‘ynaydigan yodgorlik va osori atiqalarni restavratsiya qilish sohasida hamkorlikni davom ettirishni muhokama qildilar. Restavratsiya sohasidagi yaqin sheriklikni chuqurlashtirish va tajriba almashish uchun zalvorli qadamga aylanuvchi Toshkent shahrida Fransiya milliy meros instituti (INP) filialini ochish rejalariga ham toʻxtalindi.
Shuningdek, Fransiya delegatsiyasining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasidagi ishtiroki muhokama qilindi, bu esa xalqaro maydonda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanlikni ta’kidlaydi.