Ammo tarixga nazar tashlaganda, Qozogʻistonning mustaqillik jarayoni murakkab va ko‘p qirralidir. Sovet Ittifoqi parchalangan davrda ko‘plab respublikalar, jumladan Qozogʻiston ham, ittifoqni saqlab qolish tarafdori edi. 1991-yilda boʻlib oʻtgan referendumda Qozogʻiston aholisi ko‘pchilik ovoz bilan Sovet Ittifoqining yangilangan shaklda saqlanib qolishini qo‘llab-quvvatlagan edi. Bu davrda Qozogʻiston rahbariyati ham mustaqillikni emas, balki ittifoq ichida qolishni maʼqul ko‘rgan. Ammo siyosiy voqealar, xususan GKChPning muvaffaqiyatsiz davlat toʻntarishi va Boris Yeltsin boshchiligidagi Rossiyaning Sovet Ittifoqini tugatish qarori mustaqillikka olib keldi.
Oradan yillar o‘tib, Qozogʻiston mustaqillikning ahamiyatini chuqur anglab yetdi va bu neʼmatni qadrlashga kirishdi. Bugun Qozogʻiston mustaqilligini mustahkamlash va uni xalq ongiga singdirish bo‘yicha ulkan ishlar qilmoqda. Kino esa bu yoʻlda eng samarali vositalardan biriga aylangan. Shu bilan birga, mustaqillikni mustahkamlashda yana bir muhim omil – tarixiy tajribadan saboq olib, imperialistik tahdidlarga qarshi tayyorgarlikni kuchaytirishdir.