GRAAL KOSASI
Oʻrta asrlarda gʻarbiy Yevropada eng keng tarqalgan ramzlardan biri. Graal xochga mixlangan Isoning qoni toʻplangan kosa. Baʼzi afsonalarga qaraganda, graal doʻzax tubiga tashlangan Lutsiferning peshonasidan tomgan zumraddan yasalgan. Graalni toʻldirgan Isoning qoni Lutsiferning gunohini yuvgan. Graal Sharqdan kelgan va u yerga qaytishi kerak, deb taʼkidlanadi. Bu esa uning yorugʻlik manbai sifatidagi ahamiyatini koʻrsatadi. Graal timsolining noaniqligi uning muhim tavsiflaridan biri hisoblanadi: u yashirin sir, hammaga har xil shaklda koʻrinadi.
Bir tomondan, graalni izlash keng maʼnoda xazina qidirish bilan qiyoslanadi. Boshqa tomondan, soʻfiylikka koʻra, u Parvardigor bilan birikuv ramzidir. Graalning yonida hozir boʻlgan har qanday nomunosib kishi jarohatlanadi yoki kasallanadi. Chunki u faqat pokiza va gunohsiz kishilarga nasib etadi.
Graalni yoʻqotish Artur qirolligining halokatiga sabab boʻldi. Buni ramziy ravishda talqin etish mumkin: ilohning unutilishi tabiatni va farovon hayotni barbod qiladi.
Graal timsoli moʻl-koʻllik ramzi (u oʻzi tanlagan shaxslarni toʻydirishga qodir) bilan ham bogʻlanadi.
Dilrabo Mingboyevaning "Timsollar tilsimi" kitobidan...
@Timsollar_tilsimi