Avrangzeb Olamgirning hukmdorlik nazariyasi.Avrangzeb Olamgir otasiga yozgan xatlarining birida Avrangzeb shunday degan: "Siz hazrati oliylariga yaxshi ma'lumki, qudrati ulug' Parvardigor o'z ishonchini mamlakatini asrab-avaylay oladigan va xalqni himoya qila oladigan bandasigagina ravo ko'radi. Hukmdorlik degani esa o'z manfaatini va huzur-halovatinigina ko'zlash emas, balki xalqini o'z himoyasi ostiga olish demakdir".
Saroy amaldorlaridan biri Avrangzeb sog'ligini avaylash maqsadida biroz dam olishi lozimligini maslahat berganida, u shunday javob qilgan edi: "Haq Taolo meni bu dunyoda shahzoda va podshoh sifatida o'zim uchun emas, balki boshqa bandalari uchun yashash va mehnat qilish uchun yaratgan. O'shanda ham o'zimizning halovatimni emas, balki boshqalarining huzurini o'ylash mening burchimdir. Mening baxtim xalqimning baxtidan ajaralmasdir". Yana boshqa bir safar shunday degan: "Hukmdorga yuklatilgan mas'uliyat borasida dono kishilarda faqat bitta fikr bo'lishi mumkin. U ham bo'lsa, qiyinchilik xavf tug'ilgan paytda o'z hayotini garovga tikish, agar zarur bo'lsa, taqdiri uning qo'liga topshirilgan xalq himoyasida qo'lda qilich bilan shahid bo'lishdir". Kunlardan bir kun Avrangzeb shunday degan edi: "Hayotining asosiy mazmunini o'z xalqi ustidan beg'arazlik bilan hukm yurgizish deb bilgan shohgina haqiqatan ulug' shoh sanaladi". Avrangzeb o'z amaliy faoliyatida ana shu aqidalarga rioya qilar edi.
U o'z mamlakatining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy ahvoli haqidagina bosh qotirib qolmasdan, balki fuqorosining diniy va ahloqiy e'tiqodi haqida ham qayg'urib, bu sohada ko'p o'zgarishlar qildi. Dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlarning turmushini yaxshilashga astoydil kirishdi va bu borada qator tadbirlarni amalga oshirdi. Taxtga chiqishi bilanoq "ahboblar" deb atalmish turli xil mayda soliq va yig'im turlaridan saksonga yaqinini bekor qildi. Bu soliqlarning asosiy qismi oddiy fuqaro gardaniga tushar edi. Shuning uchun saltanat bir necha yuz minglab rupiya mablag'dan mahrum bo'lsa ham, oddiy xalq gardanidan ana shu og'ir yuk olib tashlandi. Soliq yig'uvchi ayrim amaldorlarning insofsizligi tufayli bu soliqlarning ayrimlari yig'ib turilsa ham, Avrangzebning bu tadbiriy choralari o'z xalqining iqtisodiy ahvolini yaxshilashdek ulug' niyati bor ekanidan dalolat berib turibdi.
Avrangzeb odil shoh edi. Ingliz tarixchisi Ovington u haqida: "Bu buyuk mo'g'ul adolatining asosiy manbai bo'lgan ekan", - deb yozgan edi. Avrangzeb tinimsiz mehnat qilardi. U erta tongda uyqudan turar va yarim kechagacha davlat ishlari bilan band edi. U vafotiga qadar ham faol mehnat jarayonidan chiqmaydi. "Oxirgi nafas qolgunicha mehnat va harakatdan qaytish yo'q", der edi Avrangzeb. Ingliz tarixchisi M. Elfingstoun u haqida shunday yozadi: "Dekkon o'lkasidagi urushlar bilan band bo'lib turgan paytlarida ham, keksayib qolgan bo'lishiga qaramay, ma'muriy idoralarning har bir ishini o'zi kuzatib nazorat qilar, kichik lavozimlarga ham o'zi odam tayinlar, chetdan kelgan har bir xatni o'zi ko'zdan kechirar, har bir harbiy yurishning, har bir qal'aning himoya qilish rejalarini o'zi tuzib chiqardi". Xullas, Avrangzebning podshohlik mas'uliyati haqidagi aqidalari g'oyat ulug' edi va uning o'zida ana shu talablarga javob berish hislatlari ham mujassam edi.
Manba: L.P. Sharma "Buyuk Boburiylar" kitobidan
@Tarixning_saboqlari