Britaniyada quruvchilar yetishmayapti. Rossiya esa borgan sari o‘zbek quruvchilar uchun jozibasini yo‘qotmoqda — cheklovlari kuchaygan, daromad tushgan. Yangi O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasida hanuz oliy darajada tashriflar bo‘lmadi, lekin britanlar oxirgi paytlarda Toshkentga biroz serqatnov bo‘lib qolishgan. Balki hukumatimiz o‘zbek quruvchilarining Britaniyada ishlashi bo‘yicha muzokaralar olib borishi kerakdir? Miyalar oqimiga qarshiman, lekin oddiy ishchi maqomidagi yurtdoshlarga baribir yordam kerak. Fermalarda ko‘p o‘zbeklar ishlayapti. Quruvchilar Britaniyada ishlab topadigan pul undan ancha yaxshi.
Yaqinda davlat tepasiga kelgan Keir Starmer Angliyada 2029 yil oxirigacha 1,5 mln uy qurishni va’da qildi, chunki uy tanqisligidan narxlari va ijara oshib ketgan. Qariyotgan quruvchilar va Brexit kabi omillar quruvchilar kamayishiga olib kelgan. Agar hukumat o‘z rejasini amalga oshirmoqchi bo‘lsa, unga qo‘shimcha mana shuncha ishchi kerak bo‘larkan: 20 ming g‘isht teruvchi, 2400 chilangar, 8 ming duradgor, 3200 suvoqchi, 20 ming yer tayyorlovchi ishchilar, 1200 kafelchi, 2400 elektrik, 2400 tom ustasi, 480 muhandis.
Quruvchilikning, albatta, o‘ziga xos qat’iy talablari va hunarmandlik mezonlari bor, lekin masalan Londonda hozir quruvchilikda ishlayotgan chet elliklar soni bo‘yicha hindistonliklar 2-o‘rinda turadi — ular ham dunyoning u chekkasidan kelib o‘rganib ishlab yurishibdi.
Ibrat Safo
Strategic Focus: Central Asia