Qozog‘iston va O‘zbekiston: Markaziy Osiyo o‘rtamiyona davlatlar (middle power) strategik markazi sifatida mustahkamlanishi – davomi
Qozog‘iston va O‘zbekiston mintaqaning yalpi ichki mahsuloti va aholisi salmog‘ining uchdan ikki qismiga ega.
Qozog‘iston, o‘zining tabiiy resurslari va geografik o‘lchamlari (dunyodagi to‘qqizinchi yirik mamlakat) bilan transport va energetika tashabbuslarida markaziy o‘rin egallaydi. Prezident Qosim-Jo‘mart Toqayevning tashqi siyosati Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi bilan muvozanatli aloqalarni saqlashga qaratilgan.
O‘zbekiston, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan bozor iqtisodiyoti islohotlari orqali iqtisodiyotni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda muvaffaqiyat qozondi. Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega mamlakati sifatida O‘zbekiston mintaqaviy jarayonlarda ajralmas rol o‘ynaydi. Uning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida joylashuvi Janubiy Osiyo bilan bog‘liq yangi transport loyihalarida muhim o‘rinni egallashiga xizmat qiladi.
Muammolar va imkoniyatlar
Qozog‘iston va O‘zbekistonning birgalikdagi harakatlariga qaramay, bu strategik xabning ayrim muammolari mavjud: a) milliy manfaatlarning turlicha bo‘lishi koordinatsiyani murakkablashtirishi mumkin; b) tashqi kuchlarning ta’sir ko‘rsatish harakatlari davom etmoqda; c) Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi infratuzilma bo‘shliqlari va iqtisodiy nomutanosibliklar mintaqaviy integratsiyaga to‘sqinlik qilmoqda.
Shunga qaramay, Qozog‘iston va O‘zbekiston Markaziy Osiyoni o‘rtamiyona davlatlar “strategik markazi” sifatida mustahkamlash uchun ulkan imkoniyatlarga ega. Ularning hamkorligi C5 platformasi doirasida mintaqani global geosiyosatda muhim o‘yinchiga aylantirmoqda.
Geostrategik ko‘prik
Toqayev va Mirziyoyev rahbarligida Markaziy Osiyo yetakchi davlatlar va mintaqalarning manfaati to‘qnashayotgan geostrategik ko‘prikka aylanmoqda. Qozog‘iston infratuzilmasi Rossiya, Xitoy va Yevropani bog‘lasa, O‘zbekiston Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bilan aloqalarni kengaytirmoqda.
Bu ko‘prik faqat geografik emas, balki siyosiy va iqtisodiy mazmunga ham ega. Qozog‘iston va O‘zbekiston neytral davlatlar sifatida raqobatlashayotgan global kuchlar o‘rtasida muloqot va hamkorlik maydonini yaratishmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Qozog‘iston va O‘zbekiston Markaziy Osiyoni periferiyadan o‘rtamiyona davlatlar “strategik markazi”ga aylantirmoqda. Ularning birgalikdagi harakatlari mintaqani barqarorlashtiruvchi va birlashtiruvchi kuch sifatida mustahkamlashda davom etmoqda. Bu esa nafaqat mintaqaning kelajagini, balki xalqaro iqtisodiy va siyosiy jarayonlarning yangi ko‘rinishini belgilashga xizmat qiladi.
Strategic Focus: Central Asia