View in Telegram
Pokiston va Afg’oniston o’rtasida urush boshlanadimi? Anvar Qodirov, mustaqil tadqiqotchi Pokiston va Afg‘oniston chegarasida vaziyat keskinlashib, ikki davlatni to‘liq ko‘lamli urush ostonasiga olib keldi. Afg‘onistonni nazorat qilayotgan Tolibon va “Tehrik-e-Tolibon Pokiston” (TTP) guruhi Pokiston hududiga bostirib kirib, chegaradan atigi 24 km uzoqlikdagi shaharni egalladi. Bunga javoban Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif harbiy holat e’lon qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgani va Tolibonga qarshi kurash milliy xavfsizlik uchun muhim ekanini ta’kidladi. Ikki tomonlama munosabatlarning keskinlashuvi sabablari Mojaroning keskinlashishiga ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlarning ortishi sabab bo‘ldi. Pokiston harbiylarining Tolibon bazalariga qarshi operatsiyalari, jumladan, 25-dekabr kuni Paktika viloyatiga amalga oshirilgan aviazarbalar, zo‘ravonlikka turtki berdi. Ushbu hujumlar natijasida afg‘on tomoni ma’lumotiga ko‘ra, 40 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan. Tolibonning Durand chizig‘i bo‘ylab amalga oshirgan javob zarbalari esa harbiy vaziyatni yanada chigallashtirdi. Diniy-siyosiy kontekst Pokiston OAVlari hujum qilganlarni “xorijiylar” deb atab, ularni an’anaviy sunniy islomdan ajralgan radikal islomiy guruhlarga bog‘lamoqda. Pokiston hududida faoliyat olib borayotgan TTP guruhi uzoq vaqtdan beri hukumatni ag‘darib, shariat davlatini o‘rnatish niyatida ekanini e’lon qilib keladi. Tolibon va TTPning birgalikdagi harakatlari bu ikki guruh o‘rtasidagi hamkorlik ortib borayotganini ko‘rsatadi va bu Pokiston uchun yangi tahdidni yuzaga keltirmoqda. Durand chizig‘i: mojarolarning tarixiy asosi Britaniya mustamlakachilari tomonidan 1893-yilda o‘tkazilgan Afg‘oniston va Pokiston chegarasi, Durand chizig‘i, hali ham bahsli bo‘lib, Afg‘oniston tomonidan tan olinmagan. Durand chizig‘i nafaqat geografik bo‘linish, balki ikki davlat o‘rtasidagi geosiyosiy uzilishni ham aks ettiradi. Afg‘oniston bu chegarani tan olmagan va bu jangovar guruhlarning harakatlanish erkinligini ta’minlab kelgan. Bu kontekstda ekspertlar quyidagi ssenariylarni taxmin qilishmoqda: Birinchi, harbiy keskinlashuv: Agar Pokiston harbiy holat joriy qilib, Tolibonga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyalarni boshlasa, bu ochiq urushga aylanib, mintaqaviy xavfsizlikka katta ta’sir ko‘rsatishi muqarrar. Ikkinchi, mintaqadagi inqirozning chuqurlashishi: Harbiy to‘qnashuvlar qo‘shni davlatlar, jumladan, Eron, Xitoy va Hindistonni ham o‘z ichiga olib, mintaqadagi beqarorlikni kuchaytirishi mumkin. Uchinchi, diplomatik muzokaralar: BMT (yoki boshqa tashkilotlar) va davlatlarning xalqaro aralashuvi bilan mavjud keskinlik hal etilishi mumkin. Biroq, bu Kobul va Islomobodning haqiqiy istagiga bog’liq bo’ladi. Xulosa qilib aytganda, Pokiston va Tolibon o‘rtasidagi mojaro Janubiy Osiyodagi xavfsizlikning qanchalik zaif ekanini yana bir bor namoyon qildi. Pokiston uchun bu nafaqat hududiy yaxlitlik masalasi, balki milliy barqarorlikka tahdiddir. Shu bilan birga, Tolibon tomonidan boshqarilayotgan Afg‘oniston terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda ayblanmoqda. To‘liq ko‘lamli urush ssenariysi tobora haqiqatga aylanmoqda va bu mintaqaviy falokatni oldini olish uchun tezkor diplomatik sa’y-harakatlarni talab qiladi. Strategic Focus: Central Asia
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily